Federal sudya Xanter Baydenning ishi bo'yicha Kongressga yolg'on gapirganlikda ayblangan ikki nafar sobiq yuqori martabali FQB rasmiysiga qarshi jinoiy ishni rasman tugatdi. Ushbu qaror Amerika Qo'shma Shtatlarining adliya tizimidagi chuqur ziddiyatlar va siyosiy bosimlar fonida qabul qilindi.
Dushanba kuni AQSh magistrat-sudyasi Ziyo Faruuki prokuratura yetarli dalillarga ega emasligini ta'kidlab, tergov jarayoni shoshma-shofar, ochkora siyosiylashgan va jiddiy xatolarga boy bo'lganini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, sodir bo'layotgan voqealarni "qurollanish" yoki siyosiy vositaga aylanishdan boshqa narsa deb atab bo'lmaydi.
Sobiq FQB rasmiylari Nikki Floris va Bredli Benavides 2023 yilda Kongressni chalg'itishda ayblangan edi. Ta'kidlanishicha, ular Xanter Baydenga tegishli ekani aytilgan noutbuk ishi bo'yicha o'zlarining xabardorligi haqida asossiz ma'lumotlar bergan. Biroq sudya Adliya vazirligining harakatlarini keskin tanqid qilib, ayblovlarni ilgari surishda qonuniy tartib-qoidalar buzilganini qayd etdi.
Garchi AQSh rejimi vakillari va prokuratura hakamlar hay'atiga murojaat qilish imkoniyatini saqlab qolgan bo'lsa-da, sudyaning bu kabi keskin bayonotlari va tanqidlari rasmiylarning obro'siga jiddiy putur yetkazdi. Kuzatuvchilarning fikricha, ushbu jarayon mamlakatdagi siyosiy kurashlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning betarafligiga bo'lgan ishonchni yanada pasaytirmoqda.
Source: www.aljazeera.com