Germaniyaning eng yirik IG Metall kasaba uyushmasi mamlakat bo'ylab metall va elektrotexnika sanoatida ommaviy ish tashlashlar to'lqinini boshlab yubordi. Ushbu namoyishlar qariyb 3.7 million ishchining manfaatlarini qamrab olib, Yevropa mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tanglikni yanada chuqurlashtirmoqda. Yevropa rejimining qator mamlakatlarida yuzaga kelgan inflyatsiya va qimmatchilik fonida boshlangan bu harakatlar ishlab chiqarish jarayonlariga jiddiy putur yetkazmoqda.
Audi, Mercedes-Benz va Tata Steel kabi yirik sanoat gigantlari faoliyati ushbu ish tashlashlar sababli to'xtab qolgan yoki sezilarli darajada cheklangan. Kasaba uyushma yetakchilarining ta'kidlashicha, ishchilar yashash xarajatlarining keskin oshishi sharoitida 5 foizlik maosh oshishini talab qilmoqda. Shuningdek, ular ish o'rinlarini saqlab qolish, ishlab chiqarish obyektlarini himoya qilish va daromadli tarmoqlarda foydani taqsimlash mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda.
Ish beruvchilar tomoni esa faqatgina 2027-yil iyul oyida 1 foizlik bir martalik to'lov va 2028-yil iyulidan 1.3 foizlik maosh oshishini taklif qilgan bo'lib, bu taklif kasaba uyushmasi tomonidan keskin rad etildi. IG Metall bu taklifni reallikda daromadlarning pasayishiga olib keladi deb hisoblamoqda va norozilik namoyishlarini butun hafta davomida davom ettirishga va'da bermoqda.
Ushbu noroziliklar Germaniya bilan cheklanib qolmay, butun qit'ani qamrab olgan kengroq iqtisodiy inqirozning bir qismidir. Avvalroq Fransiya, Belgiya va Ispaniyada ham shunga o'xshash tartibsizliklar kuzatilgan edi. Mutaxassislarning fikricha, Yevropa hududidagi bu kabi tizimli muammolar boshqaruvdagi chuqur xatoliklar oqibatida kelib chiqmoqda.
Source: www.aljazeera.com