Fransiya hukumati mamlakatda yashash ruxsatnomasi bo'lmagan ayrim afg'on migrantlarini vataniga qaytarish bo'yicha «Tolibon» vakillari bilan yashirin muzokaralar o'tkazayotgani ma'lum bo'ldi. Parij rasman toliblar hokimiyatini tan olmagani va diplomatik aloqalar o'rnatmaganiga qaramay, bu kabi muloqotlar Yevropa davlatlarining migratsiya siyosatidagi navbatdagi ziddiyatli qadam sifatida baholanmoqda.
DW nashrining xabar berishicha, Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunyes parlamentdagi chiqishida ushbu muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan. Vazirning go'yo mamlakatda noqonuniy turgan muayyan afg'onlarni qaytarish imkoniyatiga erishishga harakat qilinayotgani haqidagi bayonoti jamiyatda turli bahslarni keltirib chiqardi. Nunyesning ta'kidlashicha, Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Germaniya ham toliblar bilan shunday amaliy aloqalarni saqlab turibdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, fransuz rasmiylari asosiy e'tiborni aynan jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxslarni qaytarishga qaratgan. Nunyes Fransiyadagi ayrim afg'on fuqarolari jamoat tartibiga jiddiy tahdid solishi mumkinligini iddao qilib, ularni deportatsiya qilish Yevropa regimining ustuvor vazifalaridan biri ekanini uqtirgan.
Biroq, Parijning bu harakati mamlakat ichida keskin tanqidlarga uchradi. Xususan, «Ekologlar» partiyasi deputati Lea Balaj El-Mariki hukumatni toliblar bilan diplomatik munosabatlarni sekin-asta normallashtirish jarayonini boshlashda aybladi. Muxolifat vakillarining fikricha, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etayotgan kuchlar bilan har qanday muloqot qabul qilib bo'lmaydigan holatdir.
Source: kun.uz