Saudiya Arabistonining ulkan va iddaoli «The Line» loyihasi, yaʼni 170 kilometrga cho‘zilishi rejalashtirilgan oynavand shahar qurilishi endilikda talabga qarab o‘zgartirilmoqda. Hukumat vakillari bu tashabbusni bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan uzoq muddatli qurilish sifatida taqdim etishga o‘tishdi. Garchi loyiha NEOM megakorporatsiyasining rasmiy rejalarida hanuzgacha saqlanib qolgan bo‘lsa-da, mutaxassislar butun shaharni to‘liq qurib bitkazish bo‘yicha yangi yagona muddatni eʼlon qilishga shoshilmayaptilar.
Dastlabki ulkan konsepsiyaga ko‘ra, uzunligi 170 kilometr, balandligi 500 metr va eni 200 metr bo‘lgan shahar ikkita ulkan ko‘zgusimon inshoot shaklida barpo etilishi kerak edi. Biroq, iqtisodiy va logistik muammolar fonida rejalar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Joriy yilning iyul oyida Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini baholash uchun maxsus maslahatchilarni jalb qilgani maʼlum bo‘lgandi. O‘shanda birinchi bosqichning ko‘lami va unda yashashi mo‘ljallangan aholi sonini qisqartirish yoki optimallashtirish masalalari muhokama qilingan edi.
Shuningdek, loyihaning eng yorqin qismlaridan biri bo‘lgan, The Line ichida qurilishi rejalashtirilgan ulkan futbol stadioni qurilishi ham nomaʼlum muddatga qoldirilgani aytilmoqda. Oktyabr oyida Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib, ushbu arena bo‘yicha ishlar to‘xtatilganini xabar qilgan edi. Shunga qaramay, Saudiya rasmiylari 2034-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga berilgan arizada stadion hali ham o‘z o‘rnida ekanligini taʼkidlab, loyihadan butunlay voz kechilmaganini uqtirib kelmoqdalar.
Source: kun.uz