Hindistonning sharqiy qirg‘oqlariga yopirilgan Murasu sikloni Andhra-Pradesh shtatida jiddiy vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Mamlakat meteorologiya xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat ketma-ket bir hafta ichida hududga zarba bergan ikkinchi siklon bo‘lib, u seshanba kuni tongda Prakasam okrugidagi Ongole shahri yaqinida quruqlikka o‘tgan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hozircha qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma'lumot kelib tushmagan. Biroq, kuchli shamol yuzlab daraxtlar hamda elektr ustunlarini qulatib, pasttekislikdagi hududlarni suv ostida qoldirgan. Shuningdek, baliqchi qayiqlariga shikast yetgani va qishloq xo‘jaligi ekinlari zarar ko‘rgani aytilmoqda.
Mahalliy aholining ta'kidlashicha, mazkur tabiiy ofat so‘nggi o‘n yillikdagi eng xavfli siklonlardan biridir. Rasmiylar xavfli hududlardan o‘n minglab fuqarolarni xavfsiz joylarga evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirgan, qutquv guruhlari esa jabrlangan hududlarda ishlamoqda.
Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shah ijtimoiy tarmoqlarda shtat bosh vaziri bilan muloqot qilganini va markaziy hukumat zarur yordamni ko‘rsatishini ma'lum qilgan. Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, noqulay ob-havo sharoiti qo‘shni hududlarda ham davom etishi kutilmoqda.
Source: www.aljazeera.com