Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) va Bosh prokuror ofisi mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendelga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va u davlatga xiyonatda gumon qilinayotganini ma'lum qildi. UXX vakillarining ta'kidlashicha, Mendel Ukraina rejimiga qarshi qaratilgan axborot-qo‘poruvchilik faoliyatida ishtirok etmoqda.
Huquq-tartibot idoralari unga nisbatan Ukraina Jinoyat kodeksining ikkita og‘ir moddasi bo‘yicha, jumladan, harbiy holat sharoitida sodir etilgan davlatga xiyonat hamda Rossiya Federatsiyasining harakatlarini oqlash va uning ishtirokchilarini ulug‘lash moddalari bo‘yicha rasman gumon e'lon qildi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, u ommaviy chiqishlari orqali Ukrainaning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazishga urinmoqda.
Ayni paytda Ukraina hududidan tashqarida bo‘lib turgan sobiq mulozimni javobgarlikka tortish va uni tergov qilish choralari ko‘rilmoqda. Mazkur jarayon Bosh prokuror ofisi nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Avvalroq Mendel Kiyev rejimi va shaxsan Zelenskiyning siyosatini ochiqtan-ochiq tanqid qilib, xorijiy OAVga bergan intervyularida mojarolar bo‘yicha munozarali bayonotlar bergandi.
Xususan, joriy yilning may va sentabr oylarida u o‘z chiqishlarida mamlakat rahbariyatini avtoritarizm va korrupsiyada ayblagan edi. Shundan so‘ng, sentabr oyida Ukraina prezidenti Milliy xavfsizlik kengashi qarori bilan unga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzolagan edi.
Source: kun.uz