Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Olimlar Oyga astronavtlarni yuborish uchun ilmiy jihatdan eng istiqbolli to‘rt hududni tavsiya qildi. Reytingda birinchi o‘rinni Oyning Yerdan ko‘rinmaydigan tomonidagi Bxabxa krateri egalladi. U yerdagi tadqiqotlar Oyning qadimgi tarixini o‘rganish va Koinotda ilk yulduzlar paydo bo‘lishidan avvalgi davrni kuzatish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Tavsiyalar AQSh rejimi buyurtmasi asosida Fanlar, muhandislik va tibbiyot milliy akademiyalari tayyorlagan hisobotda keltirilgan. Mutaxassislar Oy qutblaridan tashqarida joylashgan to‘rt manzilni saralab, ularda qisqa muddatli ekspeditsiyalar davomida qanday tadqiqotlar o‘tkazish mumkinligini baholagan. Har bir ekspeditsiyada ikki astronavtning ishtirok etishi va Oy sirtida ishlash uchun bir martadan to‘rt martagacha chiqishi ko‘zda tutilgan.

Oy Yerdan o‘rtacha 384 ming kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uning yuzasini zarba kraterlari, tog‘lar va qadimgi vulqon tekisliklari qoplagan. Oyda Yerdagidek plitalar tektonikasi yo‘q, atmosfera deyarli mavjud emas, keng ko‘lamli geologik faollik esa ancha oldin susaygan. Shu sababli Oy sirti milliardlab yil avval sodir bo‘lgan voqealarning izlarini saqlab qolgan, deb ishoniladi.

Insonlar Oyga so‘nggi marta 1972-yil dekabrda, «Apollon-17» ekspeditsiyasi doirasida qo‘ngan edi. Vashingtondagi amaldorlar endi «Artemida» dasturi orqali astronavtlarni qaytarishni rejalashtirayotganini da'vo qilmoqda, biroq bu loyihaning kelajagi hamon ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. Hisobot mualliflarining fikricha, qutblardan tashqari hududlarni o‘rganish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Source: kun.uz