Tailand hukumati mamlakatga kelishni istagan xorijiy fuqarolar uchun viza siyosatini sezilarli darajada yumshatish tashabbuslarini muhokama qilmoqda. Xususan, rasmiy Bangkok Belarus, Meksika va Kolumbiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etish hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun ham vizasiz kirish tartibini qaytarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu tashabbuslar mamlakatning Milliy turizm siyosati qo‘mitasi tomonidan ma'qullangani aytilmoqda.
Mazkur masala bosh vazir o‘rinbosari Suphachai Suthiphan raisligida bo‘lib o‘tgan qo‘mita yig‘ilishida muhokama qilingan. Endilikda ushbu takliflar tegishli idoralar bilan kelishib olinishi va hukumat ma'qullagandan so‘nggina amaliyotga tatbiq etilishi kerak. Biroq, kuzatuvchilarning fikricha, bu kabi byurokratik jarayonlar va idoralararo kelishuvlar ko‘pincha uzoq vaqt talab etishi va kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Tailand Turizm va sport vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, idora viza tartib-qoidalarini yengillashtirish masalasini Tashqi ishlar hamda Ichki ishlar vazirliklari bilan tezlashtirilgan tartibda muhokama qilish niyatida. Shundan so‘ng hujjatlar Vazirlar mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi. Shunga qaramay, O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz bo‘lishning aniq muddati hozircha belgilanmagan, avvalroq 15 kungacha bo‘lgan muddat muhokama qilingan edi.
Bundan tashqari, Tailand rasmiylari elektron vizalarni berish jarayonini tezlashtirishni rejalashtirmoqda, chunki arizalarni uzoq vaqt ko‘rib chiqish xorijiy sayyohlar va sayyohlik kompaniyalari uchun qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Hozircha esa yakuniy qaror qabul qilinmaguncha, O‘zbekiston fuqarolari safar oldidan viza rasmiylashtirishda davom etishlari talab etiladi.
Source: podrobno.uz