Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Turkiyaning dunyoga mashhur Karpowership kompaniyasi o‘zining “Whale Class” turkumiga mansub beshta yirik suzuvchi elektr stansiyasini keng ko‘lamli modernizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Singapurning yetakchi kema qurish korxonasi Seatrium bilan shartnoma imzoladi. Mazkur kelishuv doirasida quvvati 600 megavattgacha yetuvchi zamonaviy suzuvchi energobloklar yangi avlod uskunalari bilan to‘liq qayta jihozlanadi.

Loyihalashtirish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, kelishuvga binoan birinchi kema 2027-yilning dekabr oyida Singapurdagi Seatrium Tuas Boulevard Yard korxonasiga yetib kelishi kutilmoqda. Korxona hududida muhandis va mutaxassislar kemalarga ilg‘or energetika uskunalarini o‘rnatadi, murakkab mexanik tizimlar montajini yakunlaydi hamda ishlab chiqarish, yoqilg‘i ta’minoti va elektr uzatish tarmoqlarining sinov jarayonlarini amalga oshiradi.

Suzuvchi elektr stansiyalari quruqlikdagi muqobillariga nisbatan sezilarli afzalliklarga ega. An’anaviy yirik stansiyani qurish bir necha yil talab qilsa, tayyor infratuzilmaga ega kemalar ehtiyoj yuqori bo‘lgan qirg‘oq hududlariga tezda yetkazilib, “ulab, ishga tushirish” tamoyili asosida atigi 30 kun ichida umumiy energiya tarmog‘iga elektr uzatishni boshlay oladi.

Beshta kemaning umumiy loyihaviy quvvati 3 gigavattga (3 000 MVt) teng bo‘lib, bitta kema o‘rtacha hisobda yuz minglab xonadonlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash salohiyatiga ega. Qayta jihozlanayotgan yangi kemalarning asosiy xususiyatlaridan biri ularning ko‘p yoqilg‘ili tizimlar bilan ta’minlanishidir: ular an’anaviy yoqilg‘i va tabiiy gazdan tashqari, kelajakda vodorod aralashmalarida ham bemalol ishlay oladi.

Source: kun.uz