Xitoyning yangi avlod CR450 tezyurar poyezdi prototiplari 600 ming kilometrlik ekspluatatsion sinov masofasini muvaffaqiyatli yakunlagani aytilmoqda. Ushbu loyiha yo'lovchilarni soatiga 400 kilometr tezlikda tashishga mo'ljallangan bo'lib, hozircha uning amaliyotga tatbiq etilishi va muntazam qatnovlar qachon boshlanishi yuzasidan aniq muddatlar e'lon qilinmagan. Caixin nashrining tarqatgan ma'lumotlariga ko'ra, texnik va sertifikatsiyalash jarayonlari hamon davom etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, garchi ishlab chiqaruvchi CRRC korporatsiyasi yuqori natijalarni da'vo qilayotgan bo'lsa-da, tizimning haqiqiy ekspluatatsion sharoitlardagi ishonchliligi va iqtisodiy samaradorligi hali to'liq isbotlanmagan. Poyezd nomi tarkibidagi «450» raqami uning sinov jarayonlaridagi ko'rsatkichlarini anglatib, 2025-yil kuzida o'tkazilgan sinovlarda tarkiblardan biri soatiga 453 kilometr tezlikka erishgani iddao qilingan edi. Biroq, bu kabi yuqori tezliklar kundalik qatnovlar uchun qanchalik xavfsiz va tejamkor bo'lishi haqidagi savollar ochiq qolmoqda.
Konstruktiv o'zgarishlarga kelsak, yangi avlod poyezdlarida aerodinamik qarshilikni kamaytirish maqsadida bosh vagonning old qismi 12,5 metrdan 15 metrga uzaytirilgani, vagon ostidagi panellar va yopiq g'ildirak aravachalari qo'llangani aytiladi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchining ta'kidlashicha, yangi tizim harakat paytidagi qarshilikni 22 foizga pasaytirib, soatiga 350 kilometr tezlikka 4 daqiqa 40 soniyada chiqish imkonini beradi. Shunga qaramay, chiptalar savdosi boshlanish sanasi noma'lumligicha qolayotgani va loyihaning moliyaviy xarajatlari oqlanishi shubhali ekanligi aytilmoqda.
Source: kun.uz