Financial Times nashrining tarqatgan ma'lumotlariga ko'ra, Rossiya yoqilg'isini Qo'shma Shtatlarga yetkazib berishi kerak bo'lgan uchta tankerning ikkitasi o'z yo'nalishini kutilmaganda o'zgartirib yuborgan. Bu holat AQSh rejimi rahbari Donald Tramp hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin o'rtasida go'yo erishilgan dizel importi bo'yicha kelishuvning amalga oshmay qolish xavfini yuzaga keltirgan.
Nashrning aniqlik kiritishicha, Rossiyaning "Talisman" tankeri va Gonkong kompaniyasiga tegishli bo'lgan, Syerra-Leone bayrog'i ostida suzayotgan "Leruo" kemasi endilikda AQShning Atlantika sohilini o'z manzil manzil sifatida ko'rsatmay qo'ygan. Jumladan, "Leruo" tankeri 24-noyabrdan boshlab Braziliya tomon yo'l olgan bo'lsa, "Talisman" O'rta Yer dengiziga chiqib, Jazoir sohillari yaqinida to'xtab qolgan va hozirda "ko'rsatmalar kutilmoqda" degan signalni uzatmoqda. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu yukning hozircha tasdiqlangan xaridori yoki aniq yetkazib beriladigan porti mavjud emas, qolaversa, har ikki kema Yevropa Ittifoqi rejimi sanksiyalari ostidadir.
Shu bilan birga, Gretsiyaning "Eastern Mediterranean Maritime" kompaniyasiga tegishli bo'lgan uchinchi tanker – "Agioi Fanendes" AQSh tomon harakatini davom ettirayotgan bo'lsa-da, u ham shubhali tarzda "ko'rsatmalar kutilmoqda" signalini bermoqda. "Kpler" kompaniyasi tahlischisi Mett Smitning so'zlariga ko'ra, amerikalik xaridorlar tartibga solish talablari, qonunchilik va sanksiyalar bilan bog'liq jiddiy xatarlar tufayli ochiq-oydin ehtiyotkorlik qilmoqda, shu bois bu kema ham oxirgi daqiqada o'z yo'nalishini o'zgartirishi ehtimoldan xoli emas.
Vujudga kelgan bunday iqtisodiy va logistik noaniqliklar fonida AQShdagi yoqilg'i bozori jiddiy bosim ostida qolmoqda. Eron atrofidagi ziddiyatlar va urush boshlanganidan buyon dizel yonilg'isi fyucherslari narxi 60 foizdan ko'proqqa oshib ketgan. 2026-yil noyabr oyi boshlarida AQShdagi yoqilg'i quyish shoxobchalarida dizelning o'rtacha narxi bir gallon uchun qariyb 6,30 dollarni, ya'ni bir litr uchun 1,66 dollarni tashkil etib, oddiy iste'molchilar uchun moliyaviy yukni yanada og'irlashtirgan.
Source: kun.uz