Qattiq yomgʻirlar oqibatida Gʻazo sektoridagi minglab vaqtincha oʻrnatilgan chodirlar suv ostida qoldi, buning natijasida koʻchirilgan falastinlik oilalar sovuqda qolishga majbur boʻldi. Mintaqada boshlangan qishning ilk qattiq boʻroni blokadadagi hududda favqulodda vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi.
Asosiy faktlar: Gʻazo fuqaro muhofazasi agentligi yomgʻir boshlanganidan keyin bor-yoʻgʻi 10 soat ichida 1500 ga yaqin yordam chaqiruvini qabul qildi. Ayrim boshpanalarda suv sathi 30-40 santimetrga koʻtarilib, minglab insonlar ochiq osmon ostida qolishdi.
Fuqaro muhofazasi vakili Mahmud Basalning ta'kidlashicha, sodir boʻlgan voqea ularning eng katta qoʻrquvi edi. Uning soʻzlariga koʻra, chaqaloqlar, keksalar va bemorlar eng ogʻir ahvolda qolgan boʻlib, chodirlarda yashayotganlar har soniyada oʻlim va kasallik xavfi ostida yashamoqda. Kuchli shamol va yomgʻir oqibatida isroillik harbiylarning harakatlari tufayli allaqachon shikastlangan binolar ham qulab tushgan. Nuseirat markazida qisman qulagan binodan aholi evakuatsiya qilingan boʻlsa, shimoliy hududlarda devor qulashi oqibatida ikki kishi jarohat oldi.
Gʻazo shahri, Xon Yunis va Dayr al-Balahdagi lagerlardan olingan tasvirlar oilalar toʻpigʻigacha suv kechib yurganini, matraslar va adyollar isib ketganini, bolalar esa loy va kanalizatsiya suvlari ichida qolganini koʻrsatadi. Al-Mavasi qirgʻoqboʻyi hududida 900 mingdan ortiq koʻchirilgan fuqarolar boshpana topgan boʻlib, ularning chodirlari dengiz tomonidan yuvib ketilish xavfi ostida turibdi.
Gʻazo favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi bir milliondan ortiq inson qish sinovlari qarshisida qolganini, hududga zudlik bilan 200 mingga yaqin chodir va isitish jihozlari kerakligini bildirdi. Biroq isroillik harbiylar rejimi tomonidan oʻrnatilgan cheklovlar tufayli zarur qurilish va gumanitar materiallarning kirishi toʻxtatilib qolingan.
Xalqaro tashkilotlar va mahalliy faollar isroillik rejimi tomonidan qoʻyilayotgan toʻsiqlarni qoralab, Misr chegarasida 50 mingdan ortiq chodir kirish navbatini kutib yotganini ta'kidlamoqda. Rasmiylarning aytishicha, xalqaro hamjamiyatning isroillik rejimiga bosimi yetarli darajada emas va vaziyat yanada fojiali tus olishi mumkin.
Source: www.aljazeera.com