Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoy kinoteatrlarida ilk bor toʻliq sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan mahalliy toʻliq metrajli film — «Sansinduy: kelajak va oʻtmish» namoyish etildi, biroq u uch haftalik prokat davomida taxminan 270 ming AQSh dollari yigʻib, ishlab chiqarish xarajatlarini qoplamadi va tomoshabinlar orasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Asosiy faktlar: «Sansinduy: kelajak va oʻtmish» filmining davomiyligi qariyb 100 daqiqa boʻlib, unda aktyorlar va suratga olish guruhi ishtirok etmagan; film uch haftada taxminan 270 ming dollar toʻplagan; Xitoy Kommunistik partiyasining rasmiy nashri «Jenmin jibao» gazetasi ham filmni tanqid qilgan.

Sunʼiy intellekt kinoindustriyani asta-sekin egallab bormoqda. Xitoyda sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan qisqa dramalar ommabop boʻlsa-da, toʻliq metrajli film tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirmagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi koʻplab foydalanuvchilar filmda sunʼiy intellektning ishi haddan tashqari yaqqol sezilib turishini taʼkidlagan.

Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti professori Maykl Berrining fikricha, aynan sunʼiy intellekt kontentining hamma joyda keng tarqalgani filmga salbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin. Koʻplab tomoshabinlar bunday videolarni smartfonda «navbatda turganda, taksining orqa oʻrindigʻida oʻtirganda yoki hojatxonaga borganda» koʻriladigan arzon kontent sifatida qabul qiladi. Odamlar oʻz pulini toʻlab kinoteatrga borganida esa haqiqiy bir narsani koʻrishni istaydi.

Bu holat Xitoyning «Nyu Lay» animatsion filmi bilan taqqoslaganda ayniqsa yaqqol koʻrinadi. Uning grafikasi oddiy, byudjeti kichik boʻlgan, ammo ona va oʻgʻil uni besh yil davomida oʻzlari yaratgan. Film kutilmaganda tomoshabinlar mehrini qozongan.

Oxir-oqibat «Sansinduy»ni nafaqat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, balki «Jenmin jibao» gazetasi ham tanqid qilgan. Gazeta sharhida tomoshabinlarning munosabati, jumladan, «sunʼiy intellektdan foydalanib ijod qilishga xos qiyinchiliklar va muammolar»ni aks ettirishi aytilgan. Bu holat sunʼiy intellekt asosida yaratilgan toʻliq metrajli filmlar kelajakda tomoshabinlar eʼtiborini qozonishi uchun hikoya, hissiyot va ijro jihatidan ancha yuqori sifat talab qilinishini koʻrsatadi.

Source: kun.uz