Checheniston rahbari Ramzan Kadirovning o‘g‘li Adam Kadirovga Grozniyda yanvar oyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasidan keyin taloq olib tashlangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 12-fevral kuni "Yangi gazeta Yevropa" nashri o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, avtohalokatdan so‘ng Kadirov Moskvadagi Botkin kasalxonasida davolangan, unga olti oy muddatga qattiq parhez buyurilgan. Manba ta’kidlashicha, unga jag‘idagi yoriq tashxisi qo‘yilgan, bu esa vaqtincha qattiq ovqatlanishga imkon bermagan. Gazeta yozishicha, uch hafta ichida Adam Kadirov sezilarli darajada ozib qolgan.
Bundan tashqari, nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, shifokorlar ko‘rish nervining shikastlanishini aniqlashgan. Manba ta’kidlaydiki, hozircha jarohatning oqibatlari nima bo‘lishi noma’lum, ammo bir ko‘zda qisman ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish xavfi mavjud.
Ramzan Kadirovning Telegram kanalida 10-fevral kuni Adamning "kechki ovqat" paytida ko‘rinishini aks ettiruvchi video joylangan. Kadrlarga qaraganda, u ozib qolgan, biroq videoda u hech narsa yemayapti.
Avtohalokat haqida ilgari Checheniston muxolifat harakati NIYSOning Telegram kanali xabar bergan edi. U yerda aytilishicha, Adamning korvozi yuqori tezlikda harakatlanayotganida to‘siqqa urilgan, shundan so‘ng avtomobillar bir-biriga urila boshlagan. Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, hodisada Checheniston rahbari o‘g‘lining uchta qo‘riqchisi og‘ir jarohat olgan.
Source: kun.uz