Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda assotsiatsiya rahbariyatining faoliyati yangi tashabbuslarning yo‘qligi va sohadagi qoniqarsiz ko‘rsatkichlar uchun tanqid qilindi.

Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirishga bag‘ishlangan majlisda "Uzcharmsanoat" rahbariyati soha rivojiga yangi yondashuvlar kiritmaganligi va mahalliy darajada samarali ishlamaganligi ta’kidlandi. Shu sababli, assotsiatsiya raisi Akbar Sultonovni lavozimidan ozod etish buyurildi.

Qayd etilishicha, 972 ta poyabzal ishlab chiqarish korxonalaridan 378 tasi faoliyatini to‘xtatgan, yana 120 tasi o‘z quvvatlarining yarmidan kamini ishlatmoqda. Kalish, bog‘ichlar va aksessuarlar kabi yo‘nalishlarda importga bog‘liqlik saqlanib qolmoqda.

Natijada, o‘tgan yil yakunida e’lon qilingan 250 million dollarlik eksportning hatto 40 foizigacha ham erishilmagan. Joriy yil uchun ishlab chiqarish va eksport rejasi ham qoniqarsiz deb topildi.

Akbar Sultonov 2024-yil noyabr oyida assotsiatsiya raisi etib tayinlangan edi.

Source: kun.uz