Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Istanbulning Maltepe tumanida 2019-yilda opasi tomonidan bedarak yo‘qolgani haqida ariza berilgan 36 yoshli o‘zbek fuqarosi Hurriyat Tursunboyeva eri tomonidan o‘ldirilgani va jasadi bir oy davomida uyda saqlanib, chiqindi qutisiga tashlanganligi Istanbul politsiyasining maxsus guruhi tomonidan fosh etildi. NTV telekanali xabariga ko‘ra, tergov doirasida tuzilgan guruh ayolning turmush o‘rtog‘i 37 yoshli Ersin Y.ni gumonlanuvchi sifatida aniqlagan.

Guruh a’zolari qo‘shnilar bilan suhbatlashgan davrda Ersin Y.ning rafiqasining deportatsiya qilinganini aytgani, shuningdek, xonadondan noxush hidlar kelganida u kabutar boqayotganini da’vo qilgani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, Tursunboyevaning mamlakatdan chiqib ketgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, uning telefon raqami esa o‘sha vaqtlarda Turkiyada faol bo‘lgan.

Gumonlanuvchi Ersin Y. 2019-yildagi bedarak yo‘qolish haqidagi arizaga yaqin sanada ajrimga da’vo arizasi kiritgani, besh yillik muddat davomida javob bo‘lmagani uchun 2024-yilda ajrim rasman amalga oshgani aniqlangan. Shuningdek, u ma’lum muddat do‘sti Anil Y.ning shaxsiy guvohnomasidan foydalanib yurgani va SIM kartalari almashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Prokuror ruxsati bilan o‘tkazilgan lyuminol tekshiruvi natijasida uyda oshxona va balkon qismlarida qon qoldiqlari aniqlangan. Lyuminol—jinoyat joylaridagi qon izlarini aniqlash uchun ishlatiladigan kimyoviy modda bo‘lib, bu kriminalistlarga yashirin dalillarni ko‘rish imkonini beradi.

2026-yil 9-mart kuni Ersin Y. Gruziyadan Turkiyaga kirib kelganida maxsus guruh tomonidan qo‘lga olindi. So‘roq paytida u oshxonada rafiqasi bilan janjallashib, uning boshiga tayoq bilan urib o‘ldirganini, jasadni bir oy davomida balkonda saqlaganini, so‘ngra bo‘laklab chiqindi konteyneriga tashlaganini tan oldi. U, shuningdek, jasadga ohak sepganini, lekin hid to‘xtamagani uchun bo‘laklaganini aytdi.

Ikkinchi gumonlanuvchi Anil Y. qotillik haqida xabari yo‘qligini, faqat do‘stiga guvohnoma berib, bolalarni avtovokzalga olib borishga yordam berganini da’vo qildi. Jarayonlardan so‘ng Ersin Y. qamoqqa olindi, Anil Y. esa sud nazorati sharti bilan qo‘yib yuborildi. O‘zbekiston tomoni bu hodisa haqida hali rasmiy ma’lumot bermagan.

Source: www.gazeta.uz