Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijonda Ramazon hayiti tongi odatdagidan ertaroq boshlanadi. Erkaklar yuvinib-taranib, yangi kiyimlarini kiyib masjidlarga otlanishsa, ayollar ko'cha-hovlilarni supurib-sidirib, bayramona sarishtalik o'rnatadi. Gazeta muxbiri Mumtozbegim Abdumo'min hududning bayramona qiyofasi va o'ziga xos hayit shukuhi aks etgan lahzalarni kadrlarga muhrladi.

Shahar ko'chalarida transport harakati to'xtab, odamlar oqimi masjidlar tomon yo'l oladi. Xavfsizlikni ta'minlash uchun hududda Milliy gvardiya xodimlari va tibbiyot xodimlari navbatchilik qiladi. "Uyg'ur" jome masjidi 3500 nafar namozxonni sig'dira olsa-da, bayram kuni masjid hovlisi va atrofidagi ko'chalar ham odamlar bilan to'ladi.

Ayollar bu manzarani chetdan kuzatib, yakunda imomning duosiga katta-yu kichik barobar qo'l ochadi. Minglab odamlarning mayin ovozda pichirlab aytgan "omin" sadosi borliqni tutib ketadi. "Hayit namozi eng avval Farg'ona vodiysida, xususan, Andijonda ado etiladi", deydi imom jamoatga murojaat qilar ekan.

Hayit namozidan so'ng asosiy gavjumlik qabristonlar va ularning atrofidagi vaqtinchalik bozorchalarga ko'chadi. Bobosaddidin ota qabristoni va Guliston mahallasi orasidagi kenglikda o'ziga xos bayram bozorchasi tashkil etiladi. Bu yerda issiq non, pashmak, xolva, nisholda, qaymoq, hasp kabi milliy yeguliklarning barchasi bor.

Bayramning o'ziga xos belgisi esa ayollarning qo'lidagi xinadir. Bu an'ana qizlarning yuziga tabassum ulashadi. Qizil rangli naqshlar solingan qo'llar duoga ochilganda, hayit shukuhi yanada nurliroq ko'rinadi. Shu tariqa, Andijonning fayzli ko'chalarida hayit shukuhi kechga qadar davom etadi.

Source: www.gazeta.uz