Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida oliy ta’lim muassasasining 4-bosqich talabasi tomonidan hujjatsiz holda boshqarilgan avtomobil oqibatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. 2025-yil 23-noyabr kuni soat 15:40 atrofida talaba qiz Cobalt rusumli avtomobilni hech qanday hujjatlarsiz boshqargan holda Toshkent tomon yo‘lga chiqqan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u uzoq masofaga yolg‘iz borishni istamaganligi sababli o‘zi bilan bir oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tanish qizni ham yo‘lovchi sifatida olgan. Sherobod — Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotganda haydovchi tezlikni oshirib, avtomobilni boshqara olmagan. Natijada, transport vositasi yo‘ldan chiqib ketib, Sherobod daryosiga tushib ketgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida avtomobilda yo‘lovchi sifatida bo‘lgan talaba qiz olgan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi haydovchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan 3 yilga mahrum qilinadi, shuningdek, 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinish jazosiga hukm qilindi. Bu holat yo‘l-transport xavfsizligi muammolarining jiddiyligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ma’lumot uchun, 2025-yili O‘zbekistonda 9226 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2188 kishi halok bo‘lgan va 8901 kishi jarohat olgan, bu ko‘rsatkichlar bir yil davomida atigi 1 foizdan kam kamaygan. Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, har 100 ming aholiga nisbatan halok bo‘lganlar soni 2021-yildagi 6,9 nafardan 2025-yilda 5,7 nafargacha pasaygan, bu 17% ga kamayishni anglatadi.

2026-yilning dastlabki 3 oyida mamlakatda 1102 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y berib, 346 kishi vafot etgan. Tahlillarga ko‘ra, bu hodisalarning 32,9 foizi belgilangan tezlikka rioya etmaslik, 22,4 foizi svetofor talablariga amal qilmaslik, 13,6 foizi esa haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik oqibatida sodir bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz