Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida 25-apreldan boshlab 106, 7, 141 va 103-sonli avtobus yo‘nalishlarida o‘zgarishlar joriy etiladi. Bu haqda shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi xabar berdi.

106-sonli avtobus yo‘nalishining “Saodat” savdo markazidan Xalqaro aeroportgacha bo‘lgan harakati qisqartiriladi. U 25-apreldan boshlab “Uchxoz mahallasi” va “Xalqaro aeroport” bekatlari oralig‘ida harakatlanadi.

Ma’lum qilinishicha, aeroportdan “Saodat” savdo markazigacha bo‘lgan oraliqda hozirning o‘zida 8 ta — 11, 40, 45, 47, 67, 76, 77 va 94-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatlanmoqda. Ularda jami 97 ta katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar xizmat ko‘rsatmoqda. Shu sababli yo‘lovchilar uchun muqobil transport imkoniyatlari saqlanib qoladi.

7-sonli avtobus yo‘nalishining Yunusobod 19-dahasidan 9-dahasigacha bo‘lgan bir tomonlama harakat qismi o‘zgartiriladi. Endi avtobus Yangi shahar va Rixsiliy ko‘chalari orqali harakatlanib, Amir Temur ko‘chasiga chiqmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Yunusobod ko‘chasidan Amir Temur ko‘chasidagi Yunusobod dehqon bozori bekatigacha bo‘lgan hududda 5, 67, 83 va 157-sonli avtobuslar (jami 42 ta) qatnaydi.

141-sonli “Karvon bozori” — “Paxtakor metrosi” yo‘nalishi ham qisman o‘zgartiriladi. Uning Paxtakor bekatidan harakat qismi Botir Zokirov va Alisher Navoiy ko‘chalari orqali, “Alisher Navoiy kinoteatri” bekati yo‘nalishida tashkil etiladi.

103-sonli “Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi” avtobus yo‘nalishida ham o‘zgarish joriy etiladi. Endi u Furqat ko‘chasidan Alisher Navoiy ko‘chasi orqali Milliy drama teatri bekatiga kirmasdan harakatlanadi.

Qayd etilishicha, o‘zgarishlar bir-birining harakat yo‘lini takrorlovchi yo‘nalishlar faoliyatini muvofiqlashtirish, harakat intervallarini kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahrida harakatlanuvchi 13 va 69-sonli avtobus yo‘nalishlariga o‘zgarish kiritilgan edi. Endi avtobuslarning Izza mavzesidan shahar markazi tomon harakatlanishi Poygoh — Guliston — Qovunchi — Zargarlik ko‘chalari orqali tashkil etiladi.

Source: www.gazeta.uz