Buxoro viloyatida yangi tug‘ilgan qiz chaqalog‘ini sotishga urinishda gumonlanayotgan 18 yoshli ayol qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi. Tezkor tadbir 6-aprel kuni o‘tkazilib, Buxoro tumanida yashovchi fuqaro o‘zining uch kunlik qiz farzandini pul evaziga bermoqchi bo‘lgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi chaqaloqni 4000 AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan va shartli xaridordan kelishilgan mablag‘ning 800 dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi (O‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qashqadaryo viloyatida 3 yoshli qizchani 19 million so‘mga sotib yuborgan hamshira 2 yil 6 oyga qamalgan edi. Bu holatlar odam savdosi, ayniqsa chaqaloq savdosi muammosining davom etayotganini ko‘rsatadi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq 177 ta holat kuzatilgan. Bugungi kunda odam savdosining asosan uchta turi: shahvoniy ekspluatatsiya, mehnat ekspluatatsiyasi va chaqaloq savdosi dolzarb hisoblanadi. 2026-yilning yanvar-mart oylarida esa odam savdosi bilan bog‘liq 57 ta holat aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda odam savdosi uchun jazo choralari kuchaytirilgan edi. Xususan, odam savdosi jinoyatini qalbaki hujjatlardan foydalangan holda sodir etish 5 yildan 10 yilgacha (avval 5 yildan 8 yilgacha edi) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoyat jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, ayblanuvchini 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangandi.
Source: www.gazeta.uz