Soliq qo‘mitasi rahbari Farruh Po‘latov 21-aprel kuni ochiq uchrashuvda Toshkentdagi 419 umumiy ovqatlanish shoxobchasi (kafe, restoran, oshxona) QQS to‘lamaslik uchun biznesni maydalab, cheklarni yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) nomidan berayotganini ma’lum qildi.
Po‘latovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu shoxobchalar o‘z nomiga yoki xodimlariga YTT ochib, cheklarni aynan shu YTT nomidan rasmiylashtirmoqda. “Biz buni ko‘rib turibmiz va bilamiz. Avval ogohlantiramiz, agar tushunmasangiz, jarima katta bo‘ladi”, dedi u.
Soliq qo‘mitasi rahbari tadbirkorlarni qonuniy ishlashga chaqirib, tekshiruv kelganda pushaymon bo‘lishlarini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, avval ogohlantirish beriladi, agar amaliyot to‘xtatilmasa, katta miqdordagi jarimalar qo‘llaniladi.
Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxabov ushbu 419 shoxobcha ro‘yxatini olishni va ular bilan tushuntirish ishlari olib borishni taklif qildi. Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiev esa yig‘ilishda qatnashayotgan tadbirkorlar orasida ham xodimlarining maoshini 1,3 million so‘mgacha kamaytirib, daromadni yashirganlar borligini aytdi.
“Biz buni aytib ko‘rsatmoqchi edik, lekin to‘g‘ri yo‘l tutdik. Xullas, ro‘yxatni sizga beramiz”, dedi Abdiev. Eslatib o‘tamiz, qonunchilikda YTT maqomida 90 dan ortiq faoliyat turiga ruxsat berilgan, ammo umumiy ovqatlanish (kafe, oshxona, restoran) bu ro‘yxatga kirmaydi.
Source: kun.uz