Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyati Chust tumanida yer maydonini noqonuniy sotish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqaro J.X. murojaat qilib, hokim yordamchisi unga yer olib berishni va’da qilayotganini bildirgan. Mazkur murojaat asosida viloyat IIBB, prokuratura va boshqa organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, “Tinchlik” mahallasidagi hokim yordamchisi F.B. “Sadacha” kichik sanoat zonasidan “Z.A.M” xususiy korxonasiga ishlab chiqarish uchun ijaraga berilgan 40 sotix yerning 20 sotixini sotishga uringan.

Hokim yordamchisi yer maydonini jami 23 ming dollarga sotishga kelishib, hokimiyatdagi tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U kelishilgan puldan 10 ming dollarini avans tariqasida olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Chust tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlikka suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: www.gazeta.uz