Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

24-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida Toshkentda uy olmoqchi bo‘lgan 2 mingga yaqin kishini chuv tushirishda ayblanayotgan Credit House kompaniyasi mansabdorlari harakatlari bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahri sudlari xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 5 nafar ayblanuvchiga turli muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, 3 nafar ayolga esa shartli ravishda ozodlikdan mahrum etish jazosi berildi. Jazo muddatlari va shartlari haqida batafsil ma'lumot berilmagan.

Sudlanuvchilardan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish belgilandi. Dmitriy Bajenov va Alisher Shamsiddinovning 681 mln so‘mlik 2 ta Toyota, Shuhrat Mahammadovning 93 mln so‘mlik Spark hamda G‘ayrat Mirkamolovning 126 mln so‘mlik Cobalt mashinalari yetkazilgan zararni qoplash uchun undiruvga qaratildi. MCHJlarning hisobraqamidagi pullar jabrlanuvchilarga teng taqsimlanishi ma’lum qilindi.

Yetkazilgan umumiy zarar 450 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 300 milliard so‘mdan ortig‘i aybdorlar tomonidan qoplangan. Qolgan zararni undirish davom ettiriladi.

2025-mayda Credit House va In-fin-stroy Invest mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Katta miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Yanvarda prezident ushbu ikki kompaniyaning firibgarliklarini eslatib o‘tib, avval “ko‘cha” deb tanilgan uyushgan jinoyatchilik bugun biznes niqobi ostida daromadli sohalarga kirib borayotganini aytgandi.

Source: www.gazeta.uz