Ruminiyada xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan o‘ldirish — femitsidga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat mamlakat qonunchiligiga mazkur tushunchani kiritadi va umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoni nazarda tutadi.
“Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik — eng past va haqoratli xatti-harakatlardan biri. Uzoq vaqt davomida agressiyaning bu turi yo e’tiborsiz qoldirildi, yoki unga qarshi yetarlicha chora ko‘rilmadi, bu esa fojiali oqibatlarga olib keldi”, — deb yozdi Ruminiya prezidenti Nikushor Dan o‘zining X sahifasida.
Dan mamlakat uchun “qat’iy jazolarni belgilaydigan hamda femitsid va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish choralarini ko‘rishga ko‘maklashadigan qonun o‘ta zarur” ekanini ta’kidladi.
Ruminiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun Ruminiya davlatining ayollar va bolalar xavfsizligini kafolatlash majburiyatini maxsus profilaktika mexanizmiga aylantiradi. U hukumatga o‘z vaqtida aralashish uchun zarur vositalarni taqdim etadi hamda yanada samarali va insonparvar adliya tizimini yaratish yo‘lidagi qadamdir, deya qo‘shimcha qildi Dan.
Qonun loyihasi parlamentga 2025-yil oktabr oyida kiritilgan edi. Ruminiya Senati uni fevral oyida, Deputatlar palatasi esa martda qabul qildi. Hujjat keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlandi — uni barcha siyosiy partiyalardan 270 dan ortiq deputat imzoladi. 23-aprel kuni Ruminiya prezidenti qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Endilikda mamlakatda femitsid uchun 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi mavjud.
Tushuntirish xatida aytilishicha, jazo choralarini kuchaytirish zarurati oiladagi jinoyatlarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Xususan, 2025-yilning sakkiz oyi davomida mamlakatda oila a’zolari tomonidan sodir etilgan 33 ta qotillik qayd etilgan bo‘lib, 69% holatlarda ayollar va qizlar qurbon bo‘lgan. Ruminiyada har oy o‘rtacha uch nafar ayol qarindoshlari qo‘lidan halok bo‘lmoqda.
Source: www.gazeta.uz