Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kunida Farg‘ona shahridagi Investorlarga Xizmat Ko‘rsatish Markazi faoliyati bilan tanishdi.

Shaharda Fergana Expo xalqaro ko‘rgazma markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati mintaqaning iqtisodiy salohiyatini keng targ‘ib qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish va investitsiya faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan.

Markaz nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yagona kommunikatsiya platformasi vazifasini ham bajaradi. Besh gektar maydondagi majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlarini namoyish qilish imkoniyati yaratilgan.

Sakkiz qavatli yangi binoning dastlabki ikki qavati savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlarga ajratilgan. Yuqori qavatlar esa investorlar va biznes vakillariga ofis xonalari sifatida taqdim etiladi.

Markazda yil davomida 15 ta tarmoq yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rgazma-yarmarkalar doimiy asosda faoliyat yuritadi. Bu yerda davlat organlari, ishlab chiqaruvchilar, eksportyorlar va investorlar bir maydonda hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Farg‘ona tajribasining samaradorligini hisobga olgan holda, Toshkent shahrida, shuningdek, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham shunday zamonaviy ko‘rgazma majmualarini yaratish rejalashtirilgan.

Prezidentga investorlar va tadbirkorlar uchun joriy etilgan “Yagona milliy axborot tizimi loyiha boshqaruvi” raqamli platformalari haqida ma’lumot berildi. invest.gov.uz va pmi.miit.uz platformalari mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni yagona raqamli makonda birlashtirib, investitsiya loyihalarini shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlaydi.

Yagona investitsiya platformasi “yagona oyna” tamoyili asosida ishlaydi. Investor u orqali hududlarning investitsiya salohiyati bilan tanishishi, tayyor loyihalarni tanlashi va ularning amalga oshirilishini shaxsiy kabinet orqali kuzatishi mumkin.

Prezidentga mintaqada amalga oshirilishi taklif etilayotgan yirik investitsiya loyihalari taqdim etildi. Xususan, Xitoy bilan birgalikda “Yevroosiyo xalqaro savdo markazi”ni yaratish, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda biopelletlar ishlab chiqarish va issiqlik energetika stansiyasini qurish, Turkiya ishtirokida zamonaviy tibbiy klaster shakllantirish rejalari muhokama qilindi.

Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha Fransiya, Ispaniya, BAA va Qatarni jalb qilgan yirik infratuzilma loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, besh yulduzli mehmonxona va zamonaviy kongress-holl qurish, Quvasoyda yangi formatdagi istirohat bog‘i yaratish, elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishni tashkil etish kabi istiqbolli tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Source: kun.uz