Toshkentda tadbirkorlar shahar hokimligi tomonidan joriy etilgan yangi dizayn kod talablari tufayli peshlavha va reklama uchun to‘lovlarni bekor qilishni, shuningdek, yangi qoidalarga moslashish uchun yetarli vaqt berishni talab qilmoqda. Bu haqda 23-aprel kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.
Evos (Mak Food Servis) umumiy ovqatlanish tarmog‘i vakilining aytishicha, 80 dan ortiq shoxobchaga ega kompaniya peshlavhalar uchun 65 ta reklama joyi pasportini olgan. “Faoliyatni boshlaganda taxminan 20 mln so‘m davlat boji to‘ladik. Hozir esa har chorakda 80 mln so‘mdan to‘layapmiz. Savol tug‘iladi: bunday tariflar qayerdan kelib chiqqan va nima uchun to‘layapmiz? Biz havo uchun to‘layapmiz”, — dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, pasportlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, kompaniyani fevral oyida tasdiqlangan dizayn kod talablariga mos kelmasligi sababli peshlavhalarni demontaj qilishga va yangi hujjatlar rasmiylashtirishga majbur qilishmoqda. Har bir demontaj xarajati taxminan 20 mln so‘mni tashkil etadi, biroq hech qanday kompensatsiya ko‘zda tutilmagan.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov Toshkent shahridagi umumiy uzunligi 432 km bo‘lgan 36 ta ko‘chada peshlavhalar uchun to‘lovni bir yilga bekor qilishni taklif qildi. “Bir yil davomida reklama uchun pul olmaslikni taklif qilaman. Hukumat, ya’ni davlatning o‘zi hamma narsa chiroyli bo‘lishini istaydi… Keling, 5 kvadrat metrgacha bepul qilaylik va reklama uchun umuman haq olmaylik. Axir bu kafening “pasporti”… “Evos” nima uchun o‘z nomi uchun 80 million so‘m to‘lashi kerak? “Dorixona” ham nomi uchun pul to‘lamasligi lozim”, — dedi u.
Vahabov Toshkent hokimi bilan muzokaralar olib borib, dastlabki 100 km yo‘l tartibga keltirilgunga qadar qolgan 332 km yo‘llarni demontaj qilishni vaqtincha to‘xtatishga va’da berdi. 24-aprel kuni palata tomonlar ilgari demontaj ishlari olib borilgan 100 km hududdagi 14 ta ko‘chani yagona standart asosida tartibga keltirishga kelishib olganini ma’lum qildi. Qolgan 472 km hududdagi ko‘chalar demontaj qilinmasdan, 30 kun ichida bosqichma-bosqich yangilanadi.
Korzinka supermarketlar tarmog‘i marketing departamenti rahbari Malik Karimovning ta’kidlashicha, 17-fevral kuni shahar Kengashi tomonidan tasdiqlangan amaldagi dizayn kod har bir biznesning o‘ziga xos xususiyatlari va yangi konsepsiya joriy etilayotgan ko‘chalardagi turli nozik jihatlar sababli hatto bir yil ichida ham to‘liq amalga oshirilishi qiyin. Uning ma’lum qilishicha, tarmoqqa tegishli 240 ta supermarketdan 100 km uzunlikdagi pilot ko‘chalarda joylashgan 20 ta obyekt hozirda logotip va peshlavhalarsiz faoliyat yuritmoqda.
Karimov biznesga o‘z faoliyatiga zarar yetkazmagan holda qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun vaqt kerakligini ta’kidladi. “Bularning barchasini tartibga keltirib, “qo‘yni ham, bo‘rini ham to‘ydirish”, ya’ni tadbirkorlarga zarar yetkazmaslik uchun vaqt kerak. Shu davr ichida, siz taklif qilganingizdek, joriy qoidabuzarliklarni, masalan, 100 km ko‘chada qayd etish va biznesga hamma narsani tuzatish uchun vaqt va mablag‘ berish mumkin”, — dedi u.
Papa Johns va EvoEva brendlarini boshqaruvchi xolding vakili Bobur Talipov dizayn kod talablari to‘liq tushuntirilib, murosa yechimlari ishlab chiqilgunga qadar peshlavhalarni demontaj qilishni to‘xtatib turishga chaqirdi. “Shuncha ko‘p hal etilmagan masalalar va noaniqliklar bor — yirik biznesdan tortib kichik biznesgacha — shunday sharoitda nega shunchaki borib hammasini buzib tashlash haqida qaror qabul qilindi? Menda bu borada, rostini aytsam, jiddiy e’tirozlar bor”, — dedi u.
Uzum Market vakili Nargiza Saipova kompaniya buyurtmalarni berish punktlari uchun reklama pasportlarini rasmiylashtirish uchun katta xarajatlar qilganini aytdi va amaldagi to‘lov stavkalarini pasaytirishni taklif qildi. Kompaniyaga tegishli 446 ta buyurtma berish punkti (BBP) mavjud. “Hozirda biz 321 ta BBP uchun reklama pasportini olish bo‘yicha ariza topshirdik va ularni oldik. Ariza berishning o‘zi uchun biz taxminan 93 mln so‘m sarfladik. Umumiy xarajatlarimiz esa 120 mln so‘mdan oshdi”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 17-fevral kuni xalq deputatlari shahar kengashi tomonidan dizayn kodni joriy etish bo‘yicha hujjat tasdiqlandi. Hujjatning kuchga kirishi 17-may kuniga belgilangan. Biroq o‘tgan yil noyabr oyidanoq shaharda tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalari olib tashlana boshlangan. O‘zbekiston biznes-ombudsmani idorasi Toshkent shahar kengashining dizayn kod bo‘yicha qarorini qayta ko‘rib chiqish haqida xulosa bergandi.
Source: www.gazeta.uz