Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatida navbatdagi yer mojarosi yuz berdi. Mahalla raisi va hokim yordamchisi noqonuniy bitimda qo‘lga olindi. Ular 30 sotix yerni rasmiylashtirish evaziga o‘n minglab dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati (DXS) matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mansabdor shaxslar til biriktirib, andijonlik fuqaroga 30 sotix yer ajratishni va’da qilgan. Bu yerlarning 2 sotixi chorvachilik uchun boshqa fuqaroga ajratilgan bo‘lsa, 28 sotixi davlat zaxirasidagi yer edi.

Gumonlanuvchilar yerning bir qismini noturar joy, qolganini turar joy uchun o‘zgartirishga va’da berib, buning uchun 57 ming dollar, shuningdek, kadastr organlaridagi “tanishlar” orqali hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yana 3 ming dollar talab qilgan.

DXS va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida gumonlanuvchilar yer uchun 28 ming dollar va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 3 ming dollar avans olayotgan vaqtda ushlangan. Pullar dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Ushlanuvchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda. DXS fuqarolarni bunday huquqbuzarliklar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirib, murojaatlarning maxfiyligini kafolatlaydi.

Avvalroq Namangan viloyatida hokim yordamchisi sanoat zonasidagi yerni sotishda qo‘lga olingan edi.

Source: podrobno.uz