Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Navoiy viloyatining bir necha hududida oltinni noqonuniy qazib olish va ajratish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Xususan, departamentning Tomdi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda fuqarolar O.I. va boshqalar “Bessopan” sanoat maydoni hududidan tarkibida umumiy bahosi 569,8 mln so‘mlik 315,1 gramm oltin moddasi bo‘lgan 5200 kg ma’danli toshlarni noqonuniy qazib olayotgan vaqtida ushlangan. Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Konimex tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar T.T. va T.G‘. “Karakata” OFY hududida o‘zaro til biriktirib, tarkibida oltin bo‘lgan qum va toshlarni maxsus uskunalar yordamida qazib olish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.
Xatirchi tumanida o‘tkazilgan tadbirlarda esa fuqaro U.R. “Zarafshon” MFYdagi xonadonida qum va toshdan oltin ajratib olish bilan shug‘ullangani aniqlanib, undan tarkibida oltin zarrachalari bo‘lgan 160 kg qum-tosh ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu hududda yashovchi fuqaro S.X. ham o‘z xonadonida oltin ajratish faoliyati bilan shug‘ullangani aniqlanib, undan 300 kg oltin zarrachalari mavjud qum-toshlar dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 196−2-moddasi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz