Tokioda Yaponiyaning patsifistik Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha hukumat urinishlariga qarshi o‘tkazilgan mitingda 50 mingga yaqin kishi ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Guardian. Aksiya 3-may — Konstitutsiya kunida bo‘lib o‘tdi.
Bosh vazir Sanae Takaichi o‘tgan hafta Vetnamga tashrifi chog‘ida mamlakat asosiy qonunini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha “kengaytirilgan munozaralar” o‘tkazishga chaqirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan so‘ng Yaponiya okkupatsiyasi davrida AQSh ma’muriyati tomonidan yozilgan Konstitutsiya “zamon talablariga muvofiq vaqti-vaqti bilan yangilanib turishi kerak”.
Takaichi va hukmron Liberal-demokratik partiya konservativ qanotining boshqa vakillari anchadan beri tuzatishlar kiritishga chaqirib kelmoqda. Ularning fikricha, amaldagi hujjat Yaponiyaning Shimoliy Koreya va Xitoy tomonidan kuchayib borayotgan xavfsizlik tahdidlariga javob berish imkoniyatlarini cheklaydi. Xususan, ular Yaponiyaga xalqaro nizolarni hal qilish uchun harbiy kuch ishlatishni taqiqlovchi 9-moddani o‘zgartirishni taklif qilmoqda.
Konstitutsiyaga har qanday o‘zgartirish kiritish uchun Yaponiya parlamentining har ikki palatasida uchdan ikki qism ovoz va umummilliy referendumda oddiy ko‘pchilikning roziligi talab etiladi.
Yangi so‘rovnomalar aholining katta qismi Konstitutsiyani qisman qayta ko‘rib chiqishni, jumladan, O‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarining huquqiy maqomini tan olishni qo‘llab-quvvatlashini, biroq urushdan keyingi Yaponiya patsifizmining tubdan o‘zgartirilishiga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.
Yaponiyaning amaldagi Konstitutsiyasi 1947-yil 3-mayda kuchga kirgan. O‘shandan beri u biror marta ham o‘zgartirilmagan.
20-aprel kuni Tokioda 36 mingga yaqin kishi Yaponiya parlamenti binosi oldiga chiqib, Konstitutsiyaning 9-moddasini saqlab qolishni talab qilgandi.
Source: www.gazeta.uz