O‘zbekistonda tashkil etilayotgan “Yangi avlod” bog‘chalari oddiy bog‘chalardan faqat o‘yingohi – innovatsion markazi bilan farq qiladi. Bu haqda 21-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sherzod Karimov ma’lum qildi.
Fevral oyida O‘zbekistonda Prezident maktablari tashabbusining davomi sifatida bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlariga ega bo‘lgan ilk “Yangi avlod” bolalar bog‘chalari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Ularning ilk namunasi Toshkent shahri va Qoraqalpog‘istonda ochilishi, 2028-yilgacha butun O‘zbekiston hududlarini qamrab olishi ko‘zlangan.
Matbuot anjumanida jurnalistning bu bog‘chalar Prezident maktablaridek tabaqalanishni vujudga keltirmaydimi degan savoliga Sherzod Karimov “yo‘q” deya javob berdi.
“Bu bog‘chada hech qanday tabaqalanish bo‘lmaydi. Nimaga? Bu bog‘chalar uchun saralab olish mexanizmi yo‘q. Bu bog‘chada xuddi mikrohududda qolgan yangi bog‘cha qanaqa tashkil qilinayotgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda davom etadi”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Karimov endi bog‘chalarning sifat ko‘rsatkichlari bilan ham shug‘ullanishga vaqt kelganini ta’kidladi. “Biz 10 yil davomida faqatgina, agar shu quvvat yaratishga, uni ya’ni boyagi hard qismiga sarflangan bo‘lsa, endi sifat darajasiga ham shug‘ullanishga vaqt keldi”, – dedi u.
Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, qabulda hech qanday o‘zgarish yo‘q, imtihon yo‘q. “O‘sha mikrohududning bolasi, o‘sha mikrohududda boladan joy ortib qoladigan bo‘lsa [qabul qilinaveradi]”, – dedi Karimov.
“Yangi avlod” bog‘chalarida oddiy bog‘chadan farqi – u yerda tashkil etilayotgan o‘yingohlar – innovatsion markazlarda”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, rasmiy bog‘chalarni bitirgan bolaga sertifikat berilishi haqidagi savolga ham javob berdi. “Yo‘q, sertifikat bu aynan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim muassasasiga bog‘liq emas. Ya’ni, sertifikat masalasi bu umumiy, olti yoshlilarga bog‘liq masala”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Source: www.gazeta.uz