Prezidentning 5-maydagi farmoni bilan tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Farmonga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi etib qayta nomlandi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab agentlikka qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi. Xususan, agentlik ta’sischiligida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Health Invest kompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniyaning ustav fondi Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m miqdorida shakllantiriladi.
Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘lari davlat tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish va boshqaruv samaradorligini oshirishga yo‘naltiriladi.
2026-yil yakuniga qadar sinov tariqasida Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Milliy tibbiyot markazi davlat muassasalari va Ko‘pfunksiyali tibbiyot markazi MCHJ hududi bilan birga Health Invest kompaniyasi boshqaruviga o‘tkaziladi. Bu zamonaviy boshqaruv modellarini joriy etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Agentlik Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda 2027-yil 1-aprelga qadar davlat tibbiyot muassasalarini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.
Source: www.gazeta.uz