Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nurota tumanida xususiy bolalar bog‘chasi mudirasi 13 nafar tarbiyalanuvchini Matiz rusumli avtomobilida tashiyotganda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Natijada ayol vafot etdi, bir bola komada, yana sakkiz nafari viloyat markazidagi shifoxonaga yotqizildi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, hodisa 5 may kuni ertalab yuz bergan. 34 yoshli ayol o‘zining xususiy bog‘chasidagi 13 nafar bolani va uch oylik chaqalog‘ini Matizga o‘tqazib, uylaridan bog‘chaga olib ketayotgan edi.

Yo‘l harakati chog‘ida ayol boshqaruvni yo‘qotgan, mashina yo‘ldan chiqib, ag‘darilgan. Natijada ayol voqea joyida vafot etgan, bolalar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Hozirda bir bola komada, sakkiz nafari viloyat markazidagi shifoxonaga yotqizilgan.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, er-xotin yillar davomida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan holda avtomobil boshqargan. Ya’ni bolalar doim shunday sharoitda uydan bog‘chaga va orqaga tashilgan. Hatto ota-onalar ham bunga e’tiroz bildirmagan.

Nurota tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Bu Navoiy viloyatida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxsning bolalarni tashishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Avvalroq Navbahor tumanida haydovchilik guvohnomasi va avtomobil boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs mast holda Damasda 23 nafar bolani tashigan edi.

Source: kun.uz