Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Soliq qo‘mitasi blogerlar bilan o‘tkazgan uchrashuvda ma’lum qilishicha, 2025-yil davomida 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar bloger jami 2,7 milliard so‘m daromad qilgan va budjetga 110,4 million so‘m soliq to‘lagan. Bu ko‘rsatkichlar blogerlar faoliyatining keng ko‘lami va soliq tushumlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni ko‘rsatadi.

Qo‘mita tomonidan sohaning eng faol 110 nafar vakili o‘rganilgan. Ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 22 nafari esa jismoniy shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tahlillarga ko‘ra, ayrim blogerlarning daromadlari va ish hajmi kengaygan bo‘lsa-da, ular soddalashtirilgan huquqiy shakllardan foydalanishda davom etmoqda.

Olti nafar top bloger 2025-yilda 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan, bu oyiga o‘rtacha 5 ta storis va reklama postiga to‘g‘ri keladi. Elektron hisobvaraq-fakturalar asosida ularning rasmiy daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil etgan.

Uchrashuvda blogerlarga reklama daromadlarini soliqqa tortish tartibi tushuntirilgan. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi, ammo ba’zi blogerlar administrator, yordamchi va boshqa mutaxassislarni jalb qilayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, soliq majburiyatlarini tushuntirish va huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha o‘quv tadbirlari tashkil etish taklifi bildirilgan. Qo‘mita blogerlar faoliyatini soliq qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini ta’minlash muhimligini ta’kidlagan.

Avvalroq 2025-yilda blogerlarning reklama faoliyati 760,2 milliard so‘m (62 million dollar) ga baholangandi. Shuningdek, Rossiyaning blogerlar daromadlari ustidan soliq nazorati tajribasi o‘rganilayotgani aytilgandi.

Source: www.gazeta.uz