Rossiya sudi 2016-yil fevral oyida 4 yoshli qizchaning boshini kesib tashlagan O‘zbekiston fuqarosi Gulchehra Bobokulovaning taqdirini hal qildi. Ayol Qozondagi ixtisoslashtirilgan psixiatrik shifoxonadan chiqarilmaydi.
MK nashri ma’lumotiga ko‘ra, sud aqldan ozgan deb topilgan ayolni Qozondagi ixtisoslashtirilgan psixiatrik shifoxonada qoldirishga qaror qilgan. Uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish rejalari yo‘q, chunki vatanda davolanishdan keyin ozodlikka chiqib ketmasligiga kafolat yo‘q.
Xabarda aytilishicha, intensiv kuzatuvga ega ixtisoslashtirilgan psixiatrik shifoxonaning yagona ayollar bo‘limida hozirda 13 nafar chet ellik ayollar saqlanmoqda.
Bobokulova 2016-yil fevral oyida Moskvada “Oktyabrskoye Pole” metro bekati yonida qo‘lga olingan. Uning qo‘lida kichkina bolaning boshi bor edi. Ayol Narodnogo Opolcheniya ko‘chasidagi oilada enaga bo‘lib ishlagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Bobokulova xo‘jayinlarning yo‘qligidan foydalanib, qizchani o‘ldirgan, kvartirani yoqib yuborgan va ko‘chaga chiqqan. Sud uni jinoiy javobgarlikdan ozod qilib, majburiy psixiatrik davolanishga yuborgan.
Ma’lumki, Bobokulovaga 1999-yilda shizofreniya tashxisi qo‘yilgan, 2002-yilda esa u tajovuzkorlikni namoyon qila boshlagan va ovozlarni eshitgan. Ayol Samarqand viloyatidagi psixiatrik shifoxonada ham davolangan.
Source: kun.uz