Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2005-yil 12-iyun kuni Apple asoschisi Stiv Jobs AQShning nufuzli Stenford universiteti bitiruv marosimida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Uning nutqi keyinchalik “Stay hungry. Stay foolish” iborasi bilan mashhur bo‘lib, tarixdagi eng ta’sirchan bitiruv nutqlaridan biri sifatida tanildi.

Jobs nutqida texnologiya mavzusiga deyarli to‘xtalmagan. U insoniy haqiqatlar — muhabbat, o‘lim, qo‘rquv va umid haqida so‘z yuritgan. Steve Jobs Archive ma’lumotlariga ko‘ra, Jobs nutqqa tayyorgarlik ko‘rishda xavotirga tushgan va yarim yil davomida o‘ziga elektron pochta orqali g‘oyalar yuborgan. Marosimga bir necha hafta qolganda, rafiqasi Lauren bilan maslahatlashib, nutqni o‘zi yozgan.

O‘n besh daqiqalik nutq davomida tomoshabinlar orasidagi ko‘plab talabalar chalg‘igan va nutqning ahamiyatini keyinroq anglab yetgan. Marosimdan so‘ng universitetdan kelgan minnatdorchilik xatlariga Jobs: “Bunga tayyorgarlik ko‘rish men uchun haqiqatda juda qiyin bo‘ldi. Lekin bundan maza qildim (ayniqsa, tugaganida)”, deb javob bergan.

Jobs o‘z hayotidan uchta hikoya aytib bergan. Birinchi hikoya — nuqtalarni tutashtirish haqida. U Rid kollejida olti oy o‘qib, keyin o‘qishni tashlagan. Keyinchalik xattotlik kursiga qatnashgan va bu bilimlar Macintosh kompyuterining chiroyli tipografikasiga asos bo‘lgan.

Ikkinchi hikoya — muhabbat va yo‘qotish haqida. Jobs Apple’dan ishdan bo‘shatilganidan so‘ng NeXT va Pixar kompaniyalariga asos solgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Apple’dan haydalish hayotidagi eng yaxshi voqea bo‘lgan.

Uchinchi hikoya — o‘lim haqida. Jobs oshqozon osti bezi saratoniga chalingan, ammo operatsiyadan keyin sog‘ayib ketgan. U har kuni o‘ziga “Agar bugun hayotimning so‘nggi kuni bo‘lsa, bugun qilmoqchi bo‘lgan ishlarimni qilishni istarmidim?” degan savolni berishni odat qilgan.

Jobs nutqini “Vaqtingiz cheklangan, shuning uchun uni birovning hayoti bilan yashab, behuda sarflamang. O‘zgalar tafakkurining mahsuli bo‘lgan aqidalar iskanjasida qolib ketmang. Qalbingiz va sezgilaringizga ergashish uchun o‘zingizda jasorat toping”, degan so‘zlar bilan yakunlagan.

Source: www.gazeta.uz