12–20-sentabr kunlari Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida (V&A) bo‘lib o‘tadigan 2026-yilgi London dizayn festivali doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida milliy hunarmandchilik va zamonaviy san’atga bag‘ishlangan keng qamrovli ommaviy dastur taqdim etiladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.
Festivalning eng muhim qismlaridan biri 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi: taniqli so‘zana ustasi Yulduz Muhiddinova Suzani Demonstration nomli mahorat darsini o‘tkazadi. Tadbirda tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning noyob to‘qimachilik an’analaridan biri – so‘zana tikish texnikasi va uning ramzlar tili bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu nafaqat hunarmandchilikni namoyish etish, balki o‘zbek madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Dastur 18-sentabr kuni yana bir muhim voqea bilan davom etadi: Yulduz Muhiddinovaning navbatdagi mahorat namoyishi hamda o‘zbek xonandasi Layloning ikkita jonli ijrodagi konserti. Bu chiqishlar festival mehmonlariga o‘zbek madaniyatining nafaqat vizual, balki musiqiy boyligini ham yetkazishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Londonda yashab ijod qilayotgan o‘zbek rassomi Aziza Qodiriyning Sender Unknown (Yuboruvchi noma’lum) deb nomlangan yangi installyatsiyasi taqdim etiladi. Muzey buyurtmasiga ko‘ra yaratilgan ushbu asar V&A to‘plamidagi tarixiy so‘zanalar kolleksiyasiga asoslanib, sun’iy intellekt, zamonaviy san’at va an’anaviy hunarmandchilik o‘rtasidagi bog‘liqlikni tadqiq etadi. Bu loyiha zamonaviy texnologiyalar bilan an’anaviy merosning uyg‘unlashuvini ko‘rsatuvchi yorqin misol bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2003-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan London dizayn festivali Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning dizaynerlari, madaniy muassasalari va ijodiy hamjamiyatlarini birlashtiruvchi jahonning yetakchi dizayn festivallaridan biri hisoblanadi. Unda ko‘rgazmalar, performanslar, mahorat darslari, konferensiya va suhbatlar o‘tkaziladi. O‘zbekistonning ushbu nufuzli tadbirda ishtiroki milliy madaniyatni xalqaro sahnada keng targ‘ib qilish imkonini beradi.
Source: www.gazeta.uz