Toshkent shahridagi Ichki ishlar bosh boshqarmasida, maktab o‘quvchisi tomonidan urib o‘ldirilgan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarov xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi ochildi. Marosimda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, poytaxt jamoat vakillari, vafot etgan xodimning hamkasblari va uning oila a’zolari ishtirok etdi.
Bosh boshqarma binosidagi yodgorlik lavhasiga, vazifasini bajarayotganda halok bo‘lgan xodimlar ismlari qo‘shilgan bo‘lib, unda Xosilbek Eshnazarovning ismi ham abadiylashtirildi. Marosim ishtirokchilari halok bo‘lganlar xotirasini bir daqiqa sukut saqlab e’zozladilar va yodgorlik tagiga gulchambarlar qo‘ydilar.
Ichki ishlar vaziri marosim davomida Eshnazarovning fidokorona xizmati ichki ishlar organlari xodimlari uchun jasorat va vazifaga sadoqat namunasi ekanligini ta’kidladi. Shaxsiy tarkib nomidan vafot etganning ota-onasi Beknazar va Diloromga o‘g‘llarini vazifaga sodiq bo‘lishga o‘rgatganlari uchun minnatdorchilik bildirildi. Xodimning oilasi davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlash ostida bo‘lishi e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, jumladan, ichki ishlar organlari muassasalarida bepul tibbiy xizmat, ota-onasining davolanishi, shuningdek, Eshnazarovning qizi va ikki o‘g‘lining oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishi ta’minlanadi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 62-sonli maktabda inspektor xotirasiga yodgorlik o‘rnatilishi ma’lum bo‘ldi, u o‘quvchilar uchun Vatanga va xizmat vazifasiga sadoqat ramzi bo‘ladi. Marosimda O‘zbekiston Prezidentining kichik serjant Xosilbek Eshnazarovni vafotidan keyin “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qildi va mukofotni ichki ishlar vaziri uning otasiga topshirdi.
Source: kun.uz