Qozog‘iston dori vositalari va import qilinadigan vaksinalarni tartibga solish bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tasnifiga ko‘ra “uchinchi darajali yetuklik” (ML3) maqomini olgan Markaziy Osiyodagi ilk davlat bo‘ldi. Bu haqda BMT saytida xabar qilindi. Ushbu maqom milliy tartibga solish tizimining xalqaro standartlarga javob berishini hamda tibbiy mahsulotlarning sifati, xavfsizligi va samaradorligi ustidan yuqori darajadagi nazoratni ta’minlashga qodirligini rasman tasdiqlaydi.
JSST bosh direktori yordamchisi Yukiko Nakadanining so‘zlariga ko‘ra, bu natija Qozog‘istonning mustahkam sog‘liqni saqlash tizimini qurish va aholining xavfsiz hamda sifatli preparatlardan foydalanishini ta’minlash borasidagi “siyosiy sodiqligini” namoyish etadi. U dori va import vaksinalarni reglamentatsiya qilish salohiyatining rivojlanishi mamlakatning inqirozlarga tayyorligini oshirishini va global xavfsizlikni mustahkamlashini ta’kidladi.
Qozog‘istonda tartibga solish funksiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy va farmatsevtika nazorati qo‘mitasi hamda Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ekspertiza qilish milliy markazi orqali amalga oshiriladi. Ushbu tuzilmalar ro‘yxatga olishdan tortib xavfsizlik monitoringigacha bo‘lgan to‘liq nazorat sikli uchun javobgardir.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge Qozog‘istonning bu muvaffaqiyatini “oldinga tashlangan katta qadam” deb atadi. Uning aytishicha, mamlakatning 20 million aholisi uchun bu dori va vaksinalar sifatiga bo‘lgan ishonchning ortishini, mintaqa uchun esa sog‘liqni saqlash xavfsizligi umumiy tizimining mustahkamlanishini anglatadi.
Yangi maqom Qozog‘istondagi bemorlar uchun zamonaviy preparatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi, tartibga solish jarayonlarining shaffofligini oshirishi va innovatsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratishi kutilmoqda. JSST bahosiga ko‘ra, Qozog‘iston Markaziy Osiyoda tartibga solish tizimlarini rivojlantirish uchun muhim tayanch nuqtasiga aylanmoqda.
Source: www.gazeta.uz