Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi energetika hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin Moskvada bo‘lib o‘tgan qo‘shma hukumatlararo komissiya yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripov bilan uchrashuvda tabiiy gaz va neft yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, yoqilg‘i-energetika sektori ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib, nafaqat resurslar yetkazib berish, balki O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirishni ham qamrab olmoqda.

Mishustin Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekiston hududida yangi quduqlar burg‘ilash, qayta ishlash tizimi va gaz transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi, mart oyida betonlash ishlari amalga oshirilganini qayd etdi. Ushbu keng ko‘lamli loyiha O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasiga qo‘shimcha turtki berishi, aholi va biznesni o‘nlab yillar davomida atom energiyasi bilan ta’minlashni kafolatlaydi.

Rossiya bosh vaziri mamlakatlarning iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligi “hatto geosiyosiy beqarorlik sharoitida ham faol rivojlanayotganini” aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonda energetika, sanoat va infratuzilmani o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 4 trillion rubldan (52,5 milliard dollar) ortiq bo‘lgan 150 ga yaqin loyihani amalga oshirmoqda. Bunga misol tariqasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida uchinchi mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani, to‘rtinchisini qurishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, shuningdek, temiryo‘l texnikasi ishlab chiqarish va Toshkent metropoliteni uchun vagonlar yetkazib berish ishlari davom etayotgani keltirildi.

Hamkorlikning yana bir namoyishi sifatida “Chirchiq” va “Jizzax” sanoat parklari ko‘rsatildi, ular Rossiya kompaniyalari ishtirokida faoliyat yuritib, 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Mishustin qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va yangi mahsulotlar ishlab chiqarish uchun bunday maydonchalar tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilganini aytdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2023-yil oktabridan boshlab “zangori olov” taqchilligini qoplash uchun Rossiyadan Qozog‘iston orqali gaz import qilishni boshlagan, shartnoma ikki yilga tuzilib, sutkasiga 9 million kub metr yoki yiliga qariyb 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berishni nazarda tutgan. Mamlakat shuningdek, Turkmanistondan ham gaz sotib oladi. 2023-yilda neft mahsulotlari importi 1,59 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2022-yilga nisbatan 6,7% o‘sishni ko‘rsatadi, jumladan, dizel yoqilg‘isi importi 70,7% ga oshgan.

Biroq, O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha statistik ma’lumotlardagi nomuvofiqliklar e’tiborga molik. 2024-yil uchun dastlabki ko‘rsatkichlar 44,6 milliard kub metrni ko‘rsatgan bo‘lsa, yakuniy ma’lumotlar 41,3 milliard kub metrni ko‘rsatdi, bu 3,3 milliard kub metrlik farqni tashkil etadi yoki yillik qazib olish hajmining qariyb 8 foiziga teng. Bu tafovut narxlarga qarab 528-660 million AQSh dollariga baholanishi mumkin. Eksport biroz o‘sganiga qaramay, O‘zbekiston chet eldan sotayotganidan ancha ko‘p gaz sotib olishda davom etmoqda, 2025-yilda “zangori olov” yetkazib berishdagi farq yana 1 milliard dollardan oshdi.

Source: www.gazeta.uz