Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga ishchi tashrifi chog‘ida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammitida nutq so‘zladi. Davlat rahbari Markaziy Osiyo davlatlari iqlim va ekologik muammolarga qarshi birgalikda harakat qilishi, mavjud xavflarni yangi o‘sish nuqtalariga aylantirishi lozimligini ta’kidladi.

Prezident mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, “Markaziy Osiyo toza havosi” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu tuzilma sanoatni modernizatsiya qilish va chiqindilarni tozalash tizimlarini joriy etish uchun “yashil” moliyalashtirishning qo‘shma operatori bo‘lishi mumkin.

Mirziyoyev Yashil universitet huzuridagi cho‘llanishga qarshi kurash, qurg‘oqchilikning oldini olish va qum hamda chang bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish tashabbusini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilmiy salohiyatni birlashtirish yer degradatsiyasi va tuz-chang chiqindilari monitoringini kuchaytirish imkonini beradi.

Boshqa takliflar qatorida “Markaziy Osiyo yashil savdo koridori”ni yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu imtiyozli bojxona rejimlarini joriy etish va ekologik tovarlar sertifikatlarini o‘zaro tan olishni nazarda tutadi. Shuningdek, mintaqaning iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini shakllantirish taklif etildi.

Prezident Markaziy Osiyo atrof-muhit o‘zgarishlarining yagona mintaqaviy atlasini yaratishga alohida e’tibor qaratdi. Bu cho‘llanish, yer degradatsiyasi va suv resurslari holatini baholash uchun ilmiy-tahliliy asos bo‘ladi. Biologik xilma-xillikni saqlash sohasida esa Toshkentdagi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi mintaqaviy ofisi koordinatorligida “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni ishlab chiqish taklif qilindi.

Davlat rahbari ekologik ta’lim va yoshlarni jalb qilish muhimligini ta’kidlab, 2027-yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazishni taklif qildi. Shuningdek, 31-maydan 5-iyunga qadar Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentyabr oxirida esa Butunjahon suv tejash forumi bo‘lib o‘tishi haqida ma’lumot berdi.

Source: kun.uz