Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasida 40 mingga yaqin ishchi 9-may kuni miting o‘tkazib, kompaniya foydasidan ko‘proq ulush talab qildi. Kasaba uyushmalari, agar talablar qondirilmasa, 18 kunlik ish tashlash uyushtirish bilan tahdid qilmoqda.
Ishchilarning asosiy talabi – bonus to‘lovlari chegarasini olib tashlash. Hozirda bonus yillik asosiy ish haqining 50 foizidan oshmasligi kerak. Kasaba uyushmalari raqobatchi SK Hynix bilan solishtirganda Samsung xodimlari kamroq bonus olayotganini ta’kidlamoqda.
Samsung rahbariyati bonus chegarasini olib tashlashdan bosh tortgan, biroq xotira chipi bo‘limi xodimlariga raqobatchilardan ko‘proq daromad olishni ta’minlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga va’da bergan. Muzokaralar davom etmoqda.
Agar kelishuvga erishilmasa, ish tashlash 21-maydan boshlanishi mumkin. Kasaba uyushmalari har kuni ishlab chiqarish to‘xtab qolishi kompaniyaga 1 trillion von (700 million dollar) dan ortiq zarar keltirishi mumkinligini aytmoqda.
Samsung dunyodagi eng yirik xotira chipi ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, uning ishlab chiqarishidagi uzilishlar global chip ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, sun’iy intellekt sanoati uchun zarur bo‘lgan yuqori o‘tkazuvchanlikdagi xotira (HBM) chiplari xavf ostida.
SK Hynix 2022-yilda ChatGPT ishga tushirilgandan so‘ng Nvidia’ning asosiy HBM yetkazib beruvchisiga aylangan va Samsungni ortda qoldirgan. Ikki kompaniya birgalikda dunyodagi xotira chiplarining taxminan uchdan ikki qismini ishlab chiqaradi.
Samsung uzoq vaqt davomida kasaba uyushmalariga qarshi turishi bilan tanilgan bo‘lib, 2024-yilda o‘z tarixidagi birinchi ish tashlashni boshdan kechirgan. Yaqin Sharqdagi mojaro esa geliy va boshqa muhim materiallar yetkazib berishni qiyinlashtirib, energiya narxlarini oshirmoqda.
Source: www.dw.com