Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yo‘l patrul xizmati (PPS) xodimi ikki nafar voyaga yetmagan qizni tog‘li hududga olib chiqib, ularga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Jabrlangan qizlardan birining qarindoshlariga ko‘ra, hodisa 28-aprelga o‘tar kechasi ro‘y bergan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, 27-aprel kuni soat 21:00 atrofida u dugonasi bilan uyi oldidagi skameykada o‘tirganida, Spark rusumli avtomobil kelib to‘xtagan va haydovchi ularni mashinaga o‘tirishni talab qilgan.

«Men rad etdim, lekin u qo‘pol tarzda o‘tirishni buyurdi. Men uni militsioner deb o‘yladim, menga hech narsa qilmaydi», — deya hikoya qilgan qiz. Keyin xodim ularni tog‘li hududga olib borgan va u yerda nomaqbul harakatlar qilgan. Qizlardan birining akasi geolokatsiya orqali ularni topib, taxminan yarim tunda voqeaning oldini olgan.

Jabrlanuvchining akasi avtomobil davlat raqami 10 R077MB ekanini va haydovchi PPS xodimi ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, u erkakning unga tahdid qilgan telefon suhbatini yozib olgan.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti holat yuzasidan prokuratura bilan birgalikda tekshiruv o‘tkazilayotganini, xodim xizmat vazifasidan chetlashtirilganini ma’lum qildi. Faktlar tasdiqlansa, unga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan qattiq huquqiy baho beriladi.

Biroq Toshkent viloyati IIB boshqarmasi tarqatilgan ma’lumotlarni rad etdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, 27-aprelga o‘tar kechasi PPS xodimiga uning 22 yoshli tanishi A.K. qo‘ng‘iroq qilib, maslahat so‘ragan. Xodim kelganida, A.K. 14 yoshli tanishi bilan birga mashinaga o‘tirgan. Shu payt 18 yoshli A.X. (video murojaatni yozgan shaxs) to‘rt nafar tanishi bilan kelib, xodimni haqorat qilgan va janjal chiqargan. IIBda A.X. 14 yoshli qizning qarindoshi emasligi ta’kidlangan.

IIB qo‘shimcha qilishicha, ishda voyaga yetmagan qatnashgani sababli tafsilotlar hozircha oshkor etilmaydi. Tekshiruv yakunida yolg‘on ma’lumot tarqatganlarga ma’muriy, og‘ir oqibatlar bo‘lsa, jinoiy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Source: kun.uz