Myanmaning sobiq rahbari va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Aun San Su Chji qamoqxonadan uy qamog‘iga o‘tkazilgani haqida mamlakat davlat OAVlari xabar berdi. 80 yoshli siyosatchi 2021-yil fevralidagi harbiy to‘ntarishdan beri hibsda edi.
Harbiy xunta yetakchisi Min Aung Xlaingning bayonotiga ko‘ra, u siyosatchining qolgan jazo muddatini belgilangan yashash joyida o‘tashga almashtirgan. OAV tomonidan tarqatilgan fotosuratda Aun San Su Chji formadagi ikki harbiy xizmatchi qurshovida o‘tirgani tasvirlangan.
Aun San Su Chjining o‘g‘li Kim Aris harbiylarning bayonotiga shubha bilan qarashini va onasining tirikligiga dalili yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onasining e’lon qilingan surati 2022-yilda olingan. “Men buning haqiqat ekaniga umid qilaman. Hozirgacha uning [uy qamog‘iga] o‘tkazilgani haqida hech qanday asosli dalil ko‘rganim yo‘q”, dedi u BBC nashriga.
Yaqin vaqtgacha Aun San Su Chjining sog‘lig‘i yoki hibsda saqlanish sharoitlari haqida ma’lumot mavjud emas edi. Uning advokatlari siyosatchini uch yildan ortiq vaqt davomida ko‘rmagan; oilasining u bilan ikki yildan ortiq vaqtdan beri aloqasi yo‘qligi xabar qilingandi.
Aun San Su Chji 2015-yilda demokratik islohotlardan so‘ng hokimiyatga kelgan va undan oldin 15 yildan ortiq uy qamog‘ida bo‘lgan. Harbiy to‘ntarishdan so‘ng u 19 ta ish bo‘yicha 33 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, keyin jazo muddati 27 yilga qisqartirilgan.
BBC nashri ta’kidlashicha, Min Aung Xlaing o‘z rejimini xalqaro yakkalanishdan olib chiqishga intilmoqda va Aun San Su Chji haqidagi xabarning to‘satdan paydo bo‘lishi harbiy hukumat uning maqomida keyingi o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat berishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz