Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Donald Tramp Yaqin Sharq vaqti bilan dushanba tongidan boshlab AQSh Hurmuz bo‘g‘ozida to‘silib qolgan xorijiy kemalarni kuzatib borishni boshlashini ma’lum qildi. Operatsiya “Ozodlik loyihasi” (Project Freedom) deb nomlanadi.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “butun dunyo mamlakatlari” AQShga “Hurmuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarini ozod qilishda yordam so‘rab” murojaat qilgan. “Biz ushbu mamlakatlarni ularning kemalarini yopiq suv yo‘llaridan xavfsiz olib chiqishimizga ishontirdik”, — deb yozdi AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

“Bular dunyoning hozirda Yaqin Sharqdagi voqealarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan mintaqalaridan kelgan kemalardir. Kemalarning harakatlanishi faqat hech qanday yomon ish qilmagan, balki vaziyat qurboni bo‘lgan odamlar, kompaniyalar va mamlakatlarni ozod qilishga qaratilgan”, — deya qo‘shimcha qildi u va operatsiyani insonparvarlik ishorasi deb atadi. “Ushbu kemalarning ko‘pchiligida oziq-ovqat zaxiralari va sanitariya holatini saqlash uchun zarur bo‘lgan hamma narsa tugab bormoqda”.

“Agar ushbu insonparvarlik jarayoniga biron-bir tarzda to‘sqinlik qilinsa, afsuski, bunday aralashuvga kuch bilan javob qaytarishga to‘g‘ri keladi”, — deb ogohlantirdi Tramp.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi operatsiyani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. AQShning harbiy ko‘magi boshqariladigan raketalarga ega esminetslarni, 100 dan ortiq yerda va dengizda bazalanuvchi samolyotlarni, shuningdek, 15 ming askarni yuborishni o‘z ichiga oladi. Operatsiyadan maqsad — Hurmuz bo‘g‘ozida “kemalar qatnovi erkinligini tiklash”.

AQShlik mulozim CNN bilan suhbatda “Ozodlik loyihasi” kemalarni kuzatib borish missiyasi emasligini ta’kidladi.

Eron parlamentining Tashqi siyosat va milliy xavfsizlik komissiyasi rahbari Ibrohim Aziziy bunga javoban AQShning Hurmuz bo‘g‘oziga har qanday aralashuvi o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzish deb baholanishini aytdi. Eron qurolli kuchlari “har qanday xorijiy harbiy kuchlar, ayniqsa, AQSh armiyasi” agar Hurmuz bo‘g‘oziga yaqinlashishga yoki unga kirishga harakat qilsa, hujumga uchrashidan ogohlantirdi.

Eron AQSh va Isroil o‘rtasida urush boshlanganidan beri Hurmuz bo‘g‘ozini bloklab kelmoqda. Keyinchalik Vashington Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini joriy qildi. 8-apreldan buyon AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulh amal qilmoqda.

Source: www.gazeta.uz