Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 4-may kuni Olmaotada Sun’iy intellektni rivojlantirish kengashi yig‘ilishida mamlakat iqtisodiyotidagi jiddiy muammolarni ochiq tan oldi. U iqtisodchilarning Qozog‘iston klassik “o‘rta daromad tuzog‘i”ga duch kelgani haqidagi xulosalarini qo‘llab-quvvatladi.

“Resurs va arzon ishchi kuchi kabi an’anaviy o‘sish manbalari tugash arafasida, yangilari esa hali to‘liq shakllanmagan va ishga tushirilmagan”, — dedi Toqayev. U iqtisodiy turg‘unlikning oldini olish uchun raqamli iqtisodiyotga o‘tish va keng ko‘lamli platformaviy yechimlarni shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Prezident davlat ma’lumotlarining yagona tizimisiz sun’iy intellekt samarasiz bo‘lib qolishini aytdi. “Davlat xizmatlarini ortiqcha byurokratik talablarni bartaraf etadigan ko‘rinmas, ammo o‘ta samarali operatsion tizimga aylantirish zarur. An’anaviy tizimda so‘rovni qabul qilishdan qaror qabul qilishgacha bir necha kun yoki haftalar ketadi, ideal holatda bu sikl bir necha soniyagacha qisqartirilishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Toqayev, shuningdek, dunyo laboratoriyalari ma’lumotlariga tayanib, rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar o‘rtasidagi farq shiddat bilan o‘sib borayotganini qayd etdi. “Sun’iy intellekt kapital va texnologiyalarning jahon yetakchilari qo‘lida to‘planishiga olib kelib, o‘z vaqtida va qat’iy tartibga soluvchi aralashuvsiz yengib bo‘lmaydigan ‘texnologik uzilish’ni yuzaga keltirmoqda. Bu Qozog‘iston uchun signaldir”, — dedi u.

Source: www.gazeta.uz