Qirg‘izistondagi Pik Pobeda cho‘qqisida 2025-yil avgust oyida halok bo‘lgan rossiyalik alpinist Natalya Nagovitsinaning jasadini evakuatsiya qilish bo‘yicha navbatdagi urinishlar ham natija bermadi. Tog‘da mavsum yakuniga yetdi — og‘ir ob-havo sharoiti marshrutni hatto tajribali guruhlar uchun ham o‘tib bo‘lmas holga keltirdi.
“Janubiy Inilchek” bazaviy lageri boshlig‘i Dmitriy Grekovning ma’lum qilishicha, bu yil bir nechta guruh halokat joyiga chiqishga harakat qilgan. Ulardan biri taxminan 6,5 ming metr balandlikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Nagovitsina qolgan chodirgacha hali balandlik bo‘yicha 700 metr va yo‘l bo‘yicha besh kilometr masofa qolgan edi.
Ob-havo keyingi chiqishlarni imkonsiz qildi. Bazaviy lagerda allaqachon yarim metrga yaqin qor yog‘gan, undan yuqorida esa qor qalinligi taxminan ikki metrga yetmoqda.
“Chiqishga tayyorlangan barcha guruhlar allaqachon uchib ketishdi. Hammasi, Pik Pobeda yopiq”, — dedi Grekov.
Pik Pobeda balandligi 7,4 ming metrdan oshiq bo‘lib, Tyan-Shanning eng murakkab cho‘qqilaridan biri hisoblanadi. Uning yon bag‘irlarida halok bo‘lgan alpinistlarning jasadlari saqlanmoqda, ularni evakuatsiya qilish balandlik, relyef va ob-havo tufayli juda qiyin vazifa bo‘lib qolmoqda. Ushbu tog‘ning eng qiyin qismlaridan odamlarni tushirish ilgari deyarli amalga oshirilmagan — mutaxassislar bunday operatsiyalarning yuqori xavfini ta’kidlashmoqda.
Bu fojiadan so‘ng Pik Pobedaga chiqish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish boshlandi. Endi marshrutga chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi, cho‘qqiga esa faqat zarur tajribaga ega alpinistlarga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.
Kelgusida Qirg‘iziston yetti minglik cho‘qqilarga chiqish uchun qo‘shimcha talablar joriy etish niyatida. Ular orasida: tajribani tasdiqlash, marshrut arizasi va vertolyot qutqaruv ishlari xarajatlarini qoplaydigan sug‘urta. Yangi tizimni avval Pik Pobedada sinovdan o‘tkazish, so‘ngra Lenin cho‘qqisi va Xon-Tengriga tarqatish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Natalya Nagovitsina 2025-yil 12-avgustda cho‘qqidan tushish paytida oyog‘idan og‘ir jarohat olgan. U taxminan 7,2 ming metr balandlikdagi chodirda oziq-ovqat va issiq kiyim bilan qoldirilgan, yordam kutilgan. Bir nechta qutqaruv guruhlari unga yetib borishga urinishgan, ammo ekstremal ob-havo tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Urinishlardan birida italiyalik alpinist Luka Sinigaglia halok bo‘lgan.
Vertolyot evakuatsiyasi ham imkonsiz bo‘lgan. 2025-yil sentabr boshida qutqaruv ishlari to‘xtatilgan va Nagovitsina rasman bedarak yo‘qolgan deb topilgan. Keyinchalik u chodirda o‘lim oldidan xat qoldirgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Source: podrobno.uz