Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog'istonning Aqtau shahrida Kaspiy dengizi sohilida o'tkazilgan "Hazar Qorg'ani – 2026" harbiy mashg'ulotlari chog'ida harbiy xizmatchilarning halok bo'lishi yuzasidan besh nafar mansabdor shaxs hibsga olindi. Qozog'iston Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, hibsga olinganlar orasida Harbiy-dengiz kuchlari bosh shtab boshlig'i – bosh qo'mondonning birinchi o'rinbosari, ikkita harbiy qism komandiri, shuningdek, dengiz piyodalari rotasi va kater komandirlari bor.

Barcha besh shaxs gumondor maqomini olgan va Aqtau shahar politsiya boshqarmasining vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan. Voqea yuzasidan sudgacha tergov ishlari olib borilmoqda. Tergov mashg'ulotlarni tayyorlash va o'tkazishda kim qanday qarorlar qabul qilganini, xavfsizlik talablari bajarilganligini hamda ob-havo va gidrometeorologik sharoitlar hisobga olinganligini aniqlashga harakat qilmoqda.

Shuningdek, katerning texnik holati va mashg'ulotlar o'tkazilishi hamda harbiy xizmatchilar xavfsizligi uchun mas'ul bo'lgan barcha mansabdor shaxslarning harakatlari tekshirilmoqda. Har bir gumondorning harakatlariga huquqiy baho ishning barcha holatlari aniqlangandan so'ng beriladi. Tergov Qozog'iston Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasining alohida nazoratida.

Eslatib o'tamiz, fojia 24-sentabr kuni Kaspiy dengizi sohilida bo'lib o'tgan mashg'ulotlar chog'ida yuz bergan edi. Harbiy xizmatchilar Aqtaudan taxminan 43 kilometr uzoqlikda "Qaysar" kateridan tushayotgan edi. Murakkab ob-havo sharoiti tufayli 19 kishi dengizga tushib qolgan, uchtasini qutqarishga muvaffaq bo'lgan, qolganlari halok bo'lgan. Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 25-sentabrni umummilliy motam kuni deb e'lon qilgan edi.

Source: podrobno.uz