Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston Mudofaa vazirligida o‘tkazilgan kompleks tekshiruv davomida Kaspiy dengizida 14 nafar harbiy xizmatchining fojiali halok bo‘lishiga olib kelgan mashg‘ulotlarni rejalashtirishda jiddiy qonunbuzarliklar aniqlandi. Mazkur xulosa davlat rahbari Qosim-Jo‘mart Toqayevning maxsus komissiya a’zolari bilan o‘tkazgan ishchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Oqo‘rda matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, harbiy manyovrlarni rejalashtirishda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan va mudofaa mahkamasining avvalgi rahbariyati tomonidan lozim darajada nazorat olib borilmagan. Tekshiruvning birinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, vazirlik tizimlarida davlat mulkini o‘zlashtirish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha jami 13 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga, Qozog‘iston Oliy auditorlik palatasi qurolli kuchlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini kompleks baholash maqsadida mudofaa sohasidagi 50 ta ob’yektda, jumladan 48 ta harbiy qismda keng qamrovli taftish ishlarini olib bormoqda. Fojiali hodisa 24-sentabr kuni Mang‘istov viloyatida ro‘y bergan bo‘lib, Harbiy-dengiz kuchlari mashg‘ulotlari chog‘ida ob-havoning keskin yomonlashishi va kuchli bo‘ron oqibatida 17 nafar harbiy ochiq dengizga oqib ketgan, ulardan 14 nafari halok bo‘lgan edi.

Qayg‘uli hodisadan so‘ng davlat rahbari ro‘y bergan fojiani soha rahbariyatining professional layoqatsizligi oqibati deb atadi hamda mudofaa vaziri Dauren Qosanovni egallab turgan lavozimidan ozod etdi. Hozirga qadar tergov doirasida qurolli kuchlarning yuqori va katta qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi besh nafar mansabdor shaxs, jumladan Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, ikki nafar harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi hamda kater komandirlari qo‘lga olingan.

Source: podrobno.uz