Eron Markaziy banki mamlakat tarixidagi eng yirik nominal bo‘lgan 10 million riallik banknotani muomalaga chiqardi. Financial Times gazetasining ma’lumotlariga ko‘ra, bu banknotaning qiymati taxminan 7 AQSh dollariga teng. Markaziy bank yangi kupyurani “aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash” uchun zarur deb ta’kidladi, shu bilan birga elektron to‘lov tizimlari va internet-banking barqaror ishlayotganini alohida qayd etdi.
Financial Times nashrining yozishicha, yangi banknota Eronda naqd pulga bo‘lgan talab haddan tashqari kuchaygan vaqtda muomalaga kiritilgan. Aholi elektron to‘lov tizimlari ishlamay qolishidan xavotirlanib, banklarda soatlab navbatda turib hisob raqamlaridan pul yechib olishga harakat qilmoqda. Banklar naqd pul berishga cheklovlar o‘rnatgan bo‘lsa-da, Markaziy bank kredit tashkilotlarini yetarli miqdorda banknotalar bilan ta’minlayotganini da’vo qilmoqda.
Yangi 10 million riallik banknotada oxirgi to‘rtta nol xira ko‘rinishda tushirilgan, ayni paytda “1000” soni qalin shriftda bosilgan. 2019-yildan beri chiqarilayotgan barcha yangi banknotalarda qo‘llanilayotgan ushbu uslub o‘tish jarayonini osonlashtirish uchun ishlab chiqilgani aytiladi. Bu banknota chiqarilgunga qadar Erondagi eng yirik kupyura 5 million rial edi, uni Markaziy bank fevral oyi boshida muomalaga kiritgandi.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida, ya’ni urush boshlangunga qadar, Eronda inflyatsiya yillik hisobda 47,5% ni tashkil etgan. Bu yuqori inflyatsiya darajasi naqd pulga bo‘lgan talabning oshishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, bu esa yangi banknotaning chiqarilishini zarur qilgan omillardan biri sifatida ko‘riladi.
Source: www.gazeta.uz