Janubiy Koreyaning Chinju shahrida yuk tashish sohasidagi kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan namoyish paytida 2,5 tonnali yuk mashinasi ishchilar ustiga kirib keldi. Voqea oqibatida 50 yoshli bir namoyishchi halok bo‘ldi, yana ikki kishi jarohatlandi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa CU oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ining logistika markazi oldida sodir bo‘lgan, namoyishchilar BGF Retail kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishni talab qilgan.
Huquq-tartibot idoralari 40 yoshli haydovchini voqea joyida qo‘lga olgan va unga sog‘liqqa o‘ta og‘ir shikast yetkazish ayblovi qo‘yilgan. Politsiyaning dastlabki taxminiga ko‘ra, haydovchi yo‘lini to‘sib qo‘ygan namoyishchilarni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtda hodisa ro‘y bergan. Gumonlanuvchining harakatlari qasddan qilinganmi yoki yo‘qmi, hozirda tergov bosqichida.
Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, halok bo‘lgan ishtirokchi yuragi to‘xtagan holatda shifoxonaga yetkazilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Jarohatlangan ikki kishining ahvoli barqaror, ular o‘rta va yengil darajadagi shikastlar olgan. Hodisa Janubiy Koreyada mehnat munosabatlari va xavfsizlik masalalariga o‘tkir e’tibor qaratilishiga sabab bo‘ldi, mahalliy jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari voqea sabablari va javobgarlikni aniqlashni talab qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz